08:04 / 15.05.2017
10742

Yaman poytaxtida vabo epidemiyasi sababli favqulodda holat joriy qilindi

Foto: Reuters

14 may kuni Yaman poytaxti Sana shahrida vabo kasalligi keng tarqala boshlagani tufayli favqulodda holat e'lon qilindi. Ushbu kasallik shu paytgacha 10lab kishilarning o‘limiga sabab bo‘ldi, deb xabar qilmoqda Reyter agentligi.

Avvalroq, Xalqaro qizil xoch jamiyati shu yil aprel oyi oxirida vabo kasalligi paydo bo‘lishidan shu paytga qadar 115 kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilgan edi. XQXJ vakili Dominik Stillxartga ko‘ra, mamlakat hukumati 14 viloyatda 8,5 mingdan ortiq kasallanish hollarini aniqlagan. 

Yaman sog‘liqni saqlash vazirligi gumanitar tashkilotlarga murojaat qilib, epidemiyaga qarshi kurashda yordam berishga chaqirdi. Yamanning Saba agentligining ta'kidlashicha, mamlakatdagi sog‘liqni saqlash tizimi bir necha yildan beri davom etib kelayotgan mojaro tufayli izdan chiqqan hamda muammoga qarshi kurasha olmayapti. 

Yaman hukumati kasallik haqida 2016 yil oktabr oyida ilk marotaba xabar qilgan edi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lum qilishicha, vabo tarqalishi ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarda 7,6 mlnga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yildan Yamanda "Ansar Alloh" shia guruhi tarafdorlari bo‘lgan isyonchi xusiylar va armiyaning sobiq prezident Ali Abdulla Solihga yon bosuvchi guruhi bir tomondan hamda prezident Abd Rabbo Mansur Xodiy tarafdorlari bo‘lgan hukumat kuchlari va ko‘ngillilar ikkinchi tomondan hokimiyat uchun kurashmoqda. Hukumat kuchlariga Saudiya Arabistoni boshliq arab koalitsiyasi havodan va yerdan yordam bermoqda. 

Mavzuga oid
Top