Xatarli go'zallik: arablarga armiyada ayollar nega kerak?

Jamiyat 15 May 2017 103797
Фото: AFP

Qachonki ayol harbiylar haqida eshitib qolsak, miyada ko'plab savollar g'ujg'on o'ynaydi: ular azaldan erkaklarniki deb hisoblanib kelingan ushbu kasbni nega tanlashgan; ularning qurol-yarog' olib yurish va harbiy harakatlar olib borishda tajribasi qanaqa va h.k.

Ilgari ayollarga siyosiy va harbiy faoliyatda ishtirok etish man qilinar edi, lekin konstitutsion taqiqlar va jamoatchilik udumlariga ters o'laroq, ular ayollar armiyasiga birlashar edilar. Tarixchilarning eslashicha, AQShda 1861–1865 yillarda bo'lib o'tgan fuqarolar urushida 400 dan 750 gacha ayol ishtirok etgan. Ularning barchasi o'zini erkak, deya tanishtirgan. Faqatgina shu yo'l bilan ular urushda ishtirok eta olishardi, biroq ularning ba`zilari fosh qilinib, qamoqqa jo'natilgan.

So'nggi paytlarda G'arb davlatlarida armiyaga erkaklar qatori ayollarni ham chaqirish odatiy holga aylanib bormoqda. Ayollar professional harbiy bo'lish uchun to'liq va har tomonlama tayyorgarlikdan o'tishmoqda.

Biroq bunday yondashuv an`anaviy hayot tarzini asrlar osha saqlab kelayotgan arablar uchun yot. Ammo, shunga qaramasdan, ba`zi bir arab davlatlari o'z ayollariga harbiy bo'lish va vatan oldidagi burchlarini bajarish imkoniyatini taqdim etishgan.

Ayollar eng qonli urushlarda vatanga bo'lgan muhabbati va o'z ishiga sodiqligi uchun ishtirok etishadi; ulardan ba`zilari o'z og'alari yoki erlari yonida turib, ayrimlari xizmatdagi moddiy rag'batlantirish tufayli xizmat qilishadi.

AQSh

Fuqarolar urushi faxriylari tashkiloti a`zosi bo'lgan yagona ayol

Sara Edmonds Sile Kanadadan AQShga o'n besh yoshida majburiy nikohdan qochib kelgan. Avvaliga u biroz sayohat qilgan, keyin Injil sotib kun ko'rgan. So'ngra yigitcha ko'rinishini olib, Amerika armiyasida xizmat qilishga qaror qilgan.

Amerika askarlari safiga kirganidan so'ng ko'plab jang va harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan: dushman ketidan josuslik qilgan va yaralangan askarlarni hospitalga keltirishda ko'maklashgan. Sara bezgak kasaliga chalingach armiyadan qochgan, ayolligini bilib qolishmasliklari uchun. Dezertirligi uchun sudga berilgan. Keyin u erkakcha ko'rinishidan voz kechgan, biroq uni ayolcha ko'rinishida tanib bo'lmasligi tufayli hamshira bo'lib ishlay boshlagan. Urush tugagach Sara «Ittifoq armiyasining hamshirasi va josusi» kitobini yozgan.

Dezertirlik ayblovi olib tashlangan va Sara rasman hurmat bilan iste`foga kuzatilgan. Shuningdek, u faqatgina erkaklardan iborat fuqarolar urushi faxriylari tashkilotiga qabul qilingan yagona ayol bo'ldi.

Loretta Velaskes o'z sevgilisi tufayli erkak qiyofasini olgan

Loretta o'z sevgilisi — AQSh harbiy zobiti bilan doimo birga bo'lish uchun armiyada xizmat qilishga qaror qilganida leytenant unvonini olgan. U soxta mo'ylov yopishtirgan va leytenent Garri Bufordga aylangan. Loretta dushman ortidan josuslik qilgan va topshiriqlardan birida fosh qilinib, jazo sifatida armiyadan haydalgan.

Velaskes AQShning boshqa shtatiga o'tib, yana erkak qiyofasiga kirib, armiyaga qo'shilgan. Biroq, janglardan birida jarohatlangach, harbiy vrach unga janglarda qatnashishni taqiqlab qo'ygan. Velaskesning armiyadagi sarguzashtlari ana shunday tugagan.

Arab dunyosi

Jahonning sharqiy qismida ayollar ko'proq yaradorlarni davolash, ma`muriy masalalar va yozishmalar bilan shug'ullanishgan, biroq so'nggi vaqtlarda ba`zi bir arab davlatlari o'z ayollariga harbiy tayyorgarlikddan o'tib, jang maydonida vatan dushmanlariga qarshi erkaklar bilan bab-baravar jang qilish imkonini taqdim etishmoqda. 

Iordaniya

1962 yilda Malika Muna hamshiralar kollejiga asos solinganidan so'ng dastlabki bitiruvchilar Qirollik tibbiy xizmati boshqarmasida ishlay boshlashgan. Sakkiz nafar yangi chaqirilgan ayollar boshqarmada ikkinchi leytenant unvonini olish uchun yetarli ta`lim olishgan. O'shandan beri ko'plab ayollar harbiy xizmatga politsiya zobiti, harbiy, razvedka va qirollik gvardiyasi a`zolari sifatida qo'shila boshlagan.

© AP Photo, Raad Adayleh
Iordaniya politsiyasi xodimalari

Iordaniya ayollari mamlakatning harbiy hayotida ishtirok etishlari uchun mamlakat qurolli kuchlarida ayollar masalalari bo'yicha boshqarma tashkil etildi. Shunday qilib, qurolli kuchlarda xizmat qilayotgan ayollarning huquqlari ta`minlandi. Asosiy urg'u erkaklar va ayollar tengligiga, shuningdek, ularning huquq va majburiyatlaridagi tenglikka qaratilgan. Bularning barisi harbiy ko'nikmalarni professional darajada olish uchun ma`lum bir muhit yaratishda yordam beradi.

Iordaniyada ayol politsiyachilar davlat xavfsizlik organlarida ishlovchi ayollarning 7 foizini tashkil etadi, tinchlikni ta`minlash uchun operatsiyalarda ishtirok etuvchi ayollar soni esa 64 nafar.

Shunisi qiziqki, iordaniyalik askar ayollar Afg'onistonda toliblarga qarshi 2005 yilda kurash olib borishgan. Bu ularning xorijdagi ilk missiyasi edi. Iordaniyalik polkovnik Orif az-Zayn shunday degandi: «Biz afg'on ayollari ekstremistik g'oyalardan uzoqroq ushlash uchun, mo'`tadil islom haqida gapirishga majburmiz. Afg'onistondagi ba`zi ayollar erkak askarlar bilan gaplashishni xohlamasligi tufayli, ular bilan muloqot uchun ayollarni tanladiq. Bu iordaniyalik ayollarning Hoshimiylar qirolligidan tashqaridagi birinchi vazifasi».

Tunis

Tunis mudofaa vaziri Farhod Xurshoniy tunislik ayollarni harbiy sohaga jalb qilish fursati yetib kelganini aytib o'tgan, ayniqsa hozir Tunis og'ir ahvolda bo'lib turgan, terrorchilar va ularning hujumlari bois jiddiy muammolar yuzaga chiqayotgan bir paytda. Tunis konstitutsiyasi harbiy xizmat har bir fuqaroning burchi ekanligini ta`kidlab turganda, bu qonun har bir insonga, xoh u erkak bo'lsin, xoh ayol bo'lsin, qo'llaniladi.

© AFP 2017, Fethi Belaid
Askarlar Tunisdagi saylov uchastkalarining xavfsizligini ta`minlamoqda

Eng mashhur tunislik ayol harbiy uchuvchilar Ad-Dara va Alifa hisoblanishadi va ular Tunis harbiy-havo kuchlarning 40 nafar ayol uchuvchilari safidan o'rin olishgan.

Leytenant Alifa Tunis armiyasininguchuvchisi. Uning vazifasi operatsiyalarni havodan turib qo'llab-quvvatlash, qo'mondonlik markazining bo'yrug'iga ko'ra doimo uchishga tayyor bo'lib turish. Samolyotda albatta qurol, o'q-dori va uskunalar, shuningdek, har qanday favqulodda holatda asqotadigan birinchi yordam buyumlari bo'lishi shart.

Alifa va Ad-Dara shunday deyishadi: «Bizning qurolli kuchlarda xizmat qilayotgan boshqa insonlar oldida biror ustunligimiz yo'q, chunki barimiz shu vatan ravnaqi uchun xizmat qilayapmiz».

Kuvayt

Jamiyatda turli qarash va ixtiloflarga qaramasdan, Kuvayt ayollariga politsiyada ishlash, zobitlik unvoniga ega bo'lish uchun ruxsat berilgan.

O'tgan yilning mart oyida Kuvaytda jinsidan qat`i nazar barcha fuqarolarning majburiy harbiy xizmatga jalb qilinishi e`lon qilingan edi. So'nggi 16 yil ichida foydalanilmagan armiyaga majburiy chaqiruv haqidagi qonun to'xtatib qo'yilgach, bu qaror o'zining an`anaviy urf-odatlari va qarashlari bilan mashhur Kuvaytda katta rezonans keltirib chiqardi. Biroq kuvaytlik ayollar hukumatning ularni ham vatan oldida majburiyat va mas`uliyat his qilishga qodir fuqarolar sifatida tan oluvchi bu qarorini ma`qullashdi va qo'llab-quvvatlashdi.

Kuvayt universiteti pedagogika va psixologiya professori Nuriya al-Harafiyning aytishicha, kuvaytlik ayollar jahondagi boshqa ayollardan mutlaqo farq qilmaydi. Biroq an`analar va qat`iy muhit ularning yurish-turishi, xulqi va turmush sharoitlarini belgilab beradi.

Qayd etish joizki, Kuvayt ham butun dunyoda duchor bo'layotgan tartibsiz terrorchilik hujumlaridan tahdidni sezmoqda. Shu sababli bu davlat ham o'z xavfsizligi va fuqarolarining tinchligi yo'lida har qanday tahdidga qarshi tayyor bo'lishni istamoqda.

Kuvayt politsiyasi mulozimi Nada al-Ajmiyning ta`kidlashicha, kuvaytlik ayollarning armiyada xizmat qilishiga imkon berilishi Kuvayt jamiyatida yuz berayotgan rivojlanishdan darak beradi.

Birlashgan Arab Amirliklari

BAAda Havla bint al-Azvariy harbiy maktabi barpo etilgach, qizlar uchun barcha yo'llar ochildi. Maryam al-Mansuriy Yamanda o'tkazilgan «Qat`iy po'rtana» operatsiyasida ishtirok etish uchun bu imkoniyatdan foydalandi. Bu operatsiyaning maqsadi IShID terrorchilik tashkilotining pozitsiyalarini yo'q qilish edi. Al-Mansuriy BAAda harbiy havo kuchlari mayori unvonini qo'lga kiritgan ilk arab ayoli bo'ldi.

© AFP 2017, Rabih Moghrabi
Amirlik ayol askarlari Abu-Zabiy yaqinidagi harbiy o'quvlar chog'ida

Shayx Zayd ibn Sultan Ol Nahayyon 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan qizlarni ota-onasining roziligi bilan armiyada 9 oy xizmat qilishiga izn beruvchi qonunni imzolagan.

Al-Mansuriy BAA qurolli kuchlari safiga uchuvchi sifatida yollangach, o'z oilasining qo'lloviga qaramasdan doim qiyinchilik va muammolarga duchor bo'lmoqda. Biroq al-Mansuriy bu borada erkaklardan raqobatda ortda qolmasligiga ishonadi va kelgusida F-16 Block 60 samolyotini boshqarish uchun professionallikka erishmoqchi.

Al-Mansuriy ayollar va erkaklarning harbiy tayyorgarligi orasida farq yo'qligini ta`kidlaydi. Barcha tayyorgarlik ishlari yuqori professionallik darajasida tashkillashtiriladi. «Ishlashni boshlaganingda, ayollar uchun hech qanday istisnolar yo'qligini anglay boshlaysan va har qanday farq yo'qqa chiqadi», deydi u.

Bundan tashqari, al-Mansuriy qo'shimchasiga shunday deydi: «Men bu sohada ishlayotganim uchun katta faxr va iftixor to'yg'usini tuyuman. Ayniqsa, qiruvchi samolyotlarda parvoz qilishdek tanlovni amalga oshirganim uchun».

Al-Mansuriy o'z xizmatlari uchun Dubay amirligi raisi Muhammad ibn Rashid al-Maktumdan mukofot olgan, bu esa BAAda katta faxr-iftixor belgisi hisoblanadi.

Ayollar allaqachon o'zlarini ko'p yillardan beri erkaklar tomonidan monopollashtirilgan harbiy sohada tavsiya qilib bo'lishgan. Kutilishicha, harbiy ayollar soni nafaqat ular erishgan yutuqlarga qarab o'sadi, bu hol jahonda hukmron bo'lib turgan, ko'p miqdorda himoyachilarga talab tug'dirayotgan tahlikali siyosiy vaziyat tufayli ham yuz beradi.

 

Ko'proq yangiliklar: