Bemor qizchaga yordam kerak. Har eshikdan qaytarilgan oila uchun xayriya aksiyasi

Jamiyat 16 May 2017 135228

Taqdiri azal ilohiy tushuncha. Dunyoning milliard odamida milliard taqdir. Biroq, sog'lom fikrli inson taqdiri azalning peshonaga yozilganini nima ekani-yu, kimningdir xatosi bilan boshga tushgan musibat yoxud mashaqqatning farqiga boradi. Bu fikrni bugungi lavha qahramoni Muxlisa Karimjonova hayoti misolida tushuntirishga urinib ko'ramiz.

Kun.uz tahririyatiga yetib kelgan murojaatlar orasida Firuza Nuritdinovaning yozganlari e`tiborni tortdi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Eshonguzar qo'rg'oni “Do'stlik” MFY Navbahor ko'chasida istiqomat qiluvchi Nuritdinovlar oilasi bugun 14 yil avval tashxis qo'ygan shifokorning xatosi-yu, qonunan haqli bo'lgan huquqlaridan foydalanishga to'sqinlik qilgan bank xodimlarining qilmishidan aziyat chekmoqda. Ijodiy guruh voqeaga oydinlik kiritish maqsadida ular bilan uchrashdi.

“Qizim 14 yoshda. Tug'ilganidan beri shifokorlarga qaratamiz. Dunyoga kelganida farzandingiz shunday tug'ildi, deb aytishgan. Qizimdagi kasallik tashxisi – xondrodistrofiya. Qayerda qanday shifokor bo'lsa, barchasiga olib borib, tekshirtirib kelamiz. Oyoqlari yaxshi edi, lekin tug'ilganidan burnidan nafas olmasdi. Jag'lari o'sib ketgan. O'zbekistondagi do'xtirlarga ko'rsatganmiz, olib bormagan joyimiz qolmadi. Burniga simlargacha tiqishgan, chunki suyagi ichkariga o'sib ketib, nafas yo'lini to'sib qo'ygan ekan. O'tgan yili jarrohlik amaliyotidan o'tkazildi, biroq hech qanday foyda bo'lmadi. Keyin qarz olib bo'lsa ham Hindistonga olib borishga majbur bo'ldik. 

Avval bozorda ovqat sotardim, hozir buni qila olmayapman. Agarda o'shanda bu kasallikning davosi bor, deyishganda, hech narsaga ortiqcha pul sarflamay, bolamni qaratardim. Bu yerda hamma bizga “bolang o'zi shunaqa, shunaqa bo'lib qoladi” deyaverishgandi. Hindistonda tekshiruvlardan o'tib keldik. Jarrohlik amaliyotlari yaxshi o'tdi, hozir og'zidan emas, burnidan nafas olmoqda. U yerda bizga endi asosiy masala umurtqa bo'lib turibdi, deyishdi. Agarda uni tezlik bilan jarrohlik amaliyotidan o'tkazilmasa, farzandim yotib qoladi. Bu operatsiya 15 yoshgacha qilib bo'linishi kerak ekan. Shu yerdagi o'zimizni shifokorlarga barcha rentgen suratlari, tahlil natijalarini olib borib ko'rsatdim. Ular bizning davlatda bunday operatsiya qilinmasligini aytishdi”, - deydi Firuza Nuritdinova.

Onaning so'zlariga ko'ra, ular istiqomat qiluvchi mahalla tomonidan hech qanday yordam berilayotgani yo'q. Muxlisa esa 100-maxsus maktabda ta`lim oladi. 

“Orzularim - bo'yim uzun bo'lib ketishi, yana hamma niyatlarga erishib, katta joylarda ishlash, oyoqlarim, bellarim tekis bo'lishini xohlayman. Ko'proq ona tili va adabiyot, matematikaga qiziqaman”, - deydi uning o'zi.  

Mahalladagi bir oila shunday mashaqqatni boshidan o'tkazayotgan paytda o'sha ko'chaning dang'illama uy qurib, mavsumiga qarab avtomashina minadigan boy akalar qayerda? Nahotki, tuman hokimligi mutasaddilarining ko'zi bu manzarani ko'rmasa? Bank xodimlari haqida nima deyishni ham bilmaymiz...

“Birinchi marta jarrohlik amaliyotiga borishdan avval shu yilning yanvarida “Asaka” bankiga borganmiz. 9 ming dollarcha pul kerak edi. O'shanda bizga bitta o'zingizni nomingizga ikki ming dollar tushirib berishimiz mumkin, deyishdi. Biz u payt hali valyuta bilan bog'liq-tartib qoidalarni yaxshi tushunmasdik, shuning uchun 4 odamning pasportini olib borganmiz. Ular biz bunday qila olmaymiz, boshqa banklarga boring, deyishdi. Tegishli xodim bilan gaplashganimda, u “Bizda limit kamayib ketgan, har bir kishiga 500 dollardan tushirib beryapmiz”, dedi. 2 mingni ham yo'q deyishdi. So'ngra portalga murojaat qildik, bir necha kundan so'ng “Asaka” bankiga chaqirishdi. U yerda boshqa xonaga olib kirib, qandaydir qog'ozlarni ko'rsatib, shularga qo'l qo'ying, hammasini qilib beramiz, deyishdi. Qog'ozda esa “biz imkoniyatdan kelib chiqqan holda qilib beramiz”, degan gap yozilgan ekan. Lekin baribir qilib berishmadi, “xohlasangiz invays qilib 2 ming tushirib beraman, xohlamasangiz yo'q, qayerga borsangiz boravering”, dedi biz bilan shug'ullangan mas`ul xodim”, - deya eslaydi qizchaning onasi.

Shu o'rinda ta`kidlab o'tish joizki, tadbirkorlar, boshqa fuqarolar orasida “Asaka” banki haqida iliq fikrlar yuradi. Tabiiy hol, ish bor joyda kamchilik bo'ladi, bankda ishlovchi xodimlar toifasi ham har xil. Ushbu bank xorijga chiquvchi fuqarolarni qo'llab-quvvatlashi bilan ma`lum. Bir xodimning ishga bo'lgan mas`uliyatsizligi sabab butunboshli bankning nomi yomonotliq bo'lmasligi kerak, albatta. 

Mushtipar onaning davom etishicha, tasodifan bir tanishlarini uchratib qolishgan hamda u “Kapitalbank” orqali muammoni hal qilishga yordam bergan. 

“Ipoteka” va Milliy bankdan 500 dollardan oldik. Biroq berilgan pul doriga ham yetmay qoldi, ko'chada xor-zorlikda qolib ketdik. Oxiri tarjimonimiz o'zining yonidan berdi mablag'ni”, deydi u. 

“Hozir yana Hindistonga borishimiz kerak. Banklarda bir chorakda 2 ming dollar deyishardi, endi esa 500 dollar deyishmoqda... “Ipoteka” bankning Uchtepa tumanidagi filiali boshqaruvchisi 2017 yilning 11 may kuni kelgin, dedi. Borsam, xodimlar u kishi ta`tilda, deb aytishdi. Men, ular shu summani olishga imkon qadar yordam beraman degandilar, dedim. Ularga ko'chada qolsam, begona davlat tilanchilik qilmayman-ku, desam, “Aka bu bizning muammo emas. Sizni u yerda nima yeb-nima ichishingiz, mehmonxonangiz bizning muammo emas”, deyishdi. To'g'ri, lekin men belgilangan pulni olib ketishim kerak-ku.

Yaqinda “Ipoteka” bankka borganimda 500 dollar berishlari mumkinligini aytishdi. Ular bundan ortiq mablag' bera olmasliklarini ma`lum qilishdi. Lekin Hindistonda ko'rdikki, bozorchilar, valyutafurushlarning hammasi qo'lida ko'plab plastik kartalar. Hammasi olib borib, o'sha yerda ikki ming-mingdan yechishayapti. Nega haqiqiy kasallarga berishmay, shunday odamlarga berishmoqda?”, - deydi xonadon sohibi.

Ularning so'zlarida jon bor. Hukumat ham 2 ming dollardan berish haqidagi qarorni aynan xorijiy davlatga davolanish uchun yoki u yerda tahsil ko'rish uchun yo'l olgan insonlarga yordam berish maqsadida kiritgan. Aslida esa vaziyat bunday tus oldi...

Qizchaning ota-onasi so'zlariga ko'ra, umurtqa bilan bog'liq jarrohlik amaliyoti taxminan 20 ming AQSh dollari turadi. 

Shuningdek, oila istiqomat qiluvchi “Do'stlik” mahalla fuqarolar yig'iniga ham borilib, mahalla raisi bilan suhbatlashildi. Uning aytishicha, mahalla oilaga yordam berish uchun endi homiylar bilan gaplashayotgan, bungacha esa o'z hisobida pul mablag'i bo'lmagandi. 

Og'zidan bol tomib maqtaladigan mahalla institutining bugungi ahvoliga achindik. Ammo guruch kurmaksiz bo'lmaydi... Biz mahalla raislarining barchasi ana shunday, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo haqiqat shuki, dardini aytishdan andisha qilgan bu millatdoshimizning dardi bilan yillar o'tsa hamki hech kimning ishi yo'q... 

O'n to'rt yil avvalgi shifokorning tashxisi esa eng alamli nuqta. Biroq hali umid bor. Kun.uz tahririyati muqaddas Ramazon oyi arafasida xayriya aksiyasini e`lon qiladi. Barcha o'quvchilar Muxlisaxonning davolanishi yo'lida baholi qudrat o'z hissalarini qo'shishi mumkin. Ushbu qizchaga birgalikda yordam qo'lini cho'zaylik. 

Qizchaning jarrohlik amaliyoti uchun zarur bo'lgan pul miqdori ayni vaqtda 75 million so'm atrofida.

Tas-IX

YouTube

Qalbi mehrga to'la insonlar uchun kerakli ma`lumotlar: 

Nuritdinova Firuza Irkinovna

CLICK VA PAYME ORQALI PUL O'TKAZISh UChUN 

8600 0417 1213 1003 (AGROBANK)

So'mda 

Hisob raqam № 20206 000 198 189 098 001
TIF MILLIY BANK UChTePA FILIALI
MFO 00918

INN: 507114384

Rossiyadan pul o'tkazmoqchi bo'lganlar uchun:

Webmoney (RUB) R220973403708

Xorijdagi yurtdoshlar pul o'tkazmalari masalasida Feruza Nuriddinova bilan telefon orqali bog'lanishi mumkin (+99897 754 98 38).

Ko'proq yangiliklar: