10:30 / 16.05.2017
14150

OAV Tramp Lavrovga maxfiy axborotlarni bergani haqida yozdi, demokratlar g‘azabga keldi

Foto: Oq uy

Washington Post nashri AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan haftada Oq uyda Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuv vaqtida unga IShID bo‘yicha ma'lumotlarni ma'lum qilgani haqida maqola yozdi.

Gazeta o‘z nomini oshkor etishni istamagan manbalarga tayangan holda yozishicha, bu o‘ta maxfiy ma'lumotlar bo‘lgan, manbalar bu aynan qanday ma'lumotlar ekaniga oydinlik kiritishmagan.

Nashrning yozishicha, Tramp Lavrovga xorijiy hamkorlar tomonidan taqdim etilgan razvedka ma'lumotlarini bergan.

Xabarda tasdiqlanishicha, bu ma'lumotlardan AQSh harbiy amaldorlarining bir necha nafarigina xabardor edi. Shuningdek, axborotlarni taqdim etgan hamkor davlat bu ma'lumotlarni boshqa bilan bo‘lishishga ruxsat bermagandi.

Tramp Lavrov bilan uchrashuvdan keyin Markaziy razvedka boshqarmasiga hamda Milliy xavfsizlik agentligiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni muhokama qilgan.

Oq uy inkor etadi

Oq uydagilar bu ma'lumot yolg‘onligini ma'lum qilishdi.

«Bu yolg‘on maqola. Prezident faqat ikki davlatga ham xavf solib turgan tahdidlarni muhokama qildi», degan prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Dina Pauell.

Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi general Gerbert Makmaster ham masalaga jiddiy yondashdi.

«Ular aytayotgan gaplarning bari yolg‘on. Prezident va Rossiya vaziri  terrorchilik tashkilotlaridan mavjud xavflar, shuningdek, aviatsiya xavflari to‘g‘risida suhbatlashishdi. Har qanday holatda ham razvedka ma'lumotlari oshkor etilmaydi, harbiy amaliyotlar rejalari ma'lum qilinmaydi», degan Makmaster.

AQSh davlat departamenti boshlig‘i Reks Tillerson ham bu ma'lumotni inkor etdi. U prezident rossiyalik siyosatchi bilan terrorizmga qarshi kurash masalasin muhokama qilgani haqida aytdi.

Demokratlar munosabati

Amerika jamoatchiligi ushbu yangilikka tezda munosabat bildirdi. Spiker Pol Rayan prezident ma'muriyatidan darhol izoh talab qildi, demokratlar Trampni tanqid qilishni avj oldirishdi.

Senator-demokrat, Kongressning razvedka qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mark Uorner bu holatni «razvedka mag‘lubiyati» deb atadi.

«Agar bu rost bo‘lsa, razvedkamiz uchun sharmandali mag‘lubiyatdir. Razvedka manbalari hamda usullarini ruslarga ochiqlashni oqlab bo‘lmaydi», deya yozgan u o‘z tvitterida.

Yana bir senator-demokrat Patrik Lixi bu ma'lumot rost bo‘lib chiqsa, «respublikachilar ham, demokratlar ham birdek bu qarorni qattiq qoralashi kerakligi»ni aytgan.

«Biz «Alisa mo‘'jizalar mamlakatida» holatiga tushib qoldik», degan Lixi CNN efirida.

«Bu xavfli va ko‘r-ko‘rona qadamdir. Respublikachilar partiyasi mamlakat manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi va zudlik bilan bu borada mustaqil tekshiruv o‘tkazish hamda maxsus prokurorni bu ishga jalb qilishni talab etishi kerak», deya yozdi tvitterida demokrat senator Richard Durbin.

Bundan avval ham Amerika nashrlarida Trampning Lavrov bilan uchrashuvi borasida turli taxminlar bildirilgan maqolalar chop etilgan, bu «Trampning Rossiya bilan aloqalari» haqidagi tekshiruvlar fonida ro‘y bergandi. Qolaversa, Oval kabinetdagi uchrashuvdan «bu — yopiq tadbir» ekani iddao qilinib, AQShning barcha jurnalistlarini chiqarib yuborishgani aytildi. Shu bilan birga xonada TASS fotomuxbiri qolishiga ruxsat berilgan.

Keyinroq buni Oq uy ham, Rossiya TIV ham inkor etdi, uchrashuv vaqtida ikki tomondan ham fotomuxbir bo‘lgan.

10 may kuni Tramp Lavrov hamda Kislyak bilan Oq uydagi Oval kabinetida uchrashgandi. Rasman ma'lum qilinganiga ko‘ra, uchrashuvda Suriyadagi xavfsizlik masalasi, Bashar Asad, Eron va Ukraina mavzulari muhokama etilgan.

Uchrashuv atrofidagi mojarolar fotosuratlarni faqat TASS agentligi e'lon qilgach boshlangandi.

Mavzuga oid
Top