11:15 / 16.05.2017
65804

O‘zbekistonda eng yuqori necha ballik zilzila bo‘lishi mumkin?

O‘zbekistonda uch-to‘rt kun ketma-ket bir necha marotaba zilzila sodir bo‘lgani sezildi. Bu odamlarda vahima uyg‘otdi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda har xil shov-shuv ko‘tarildi. Ular orasida «Kuchli zilzilalar oldidan shunday tez-tez yer silkinishlari bo‘ladi», «Bu bekorga emas, yuqori balli zilzilaga ishora», qabilida fikr bildiruvchilar ham yo‘q emas. Xo‘sh, bu gaplarda qanchalik haqiqat, asos bor? Qisqa muddatda ketma-ket yuz bergan yer silkinishlarining xavfi qay darajada?

“Oila davrasida” nashri muxbiri ushbu savollarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutining seysmogeodinamika laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari nomzodi Ulfat Nurmatovga murojaat qildi.

— Markaziy Osiyo hududida zilzilalar doim bo‘lib turadi, — deydi Ulfat Nurmatov. — Chunki mintaqamizda zilzila o‘choqlari mavjudligi aniqlangan. Ular ma'lum bir davrlarda faollashib turadi. Hududimizda bo‘layotgan tektonik harakatlar tufayli har hafta o‘rtacha 10-15 marta kuchsiz yer silkinishlari yuz beradi. Bu odatiy hol. Ya'ni, zilzilalar davriylik kasb etadi.

Markaziy Osiyo hududida Tojikiston, Qirg‘iziston hududlari, asosan, Pomir va Tyan-Shan tog‘lari tutashgan, tektonik plitalar to‘qnashgan joylarda zilzila kuchi yuqoriroq bo‘ladi. O‘zbekistonda esa Rixter shkalasi bo‘yicha 6,5 ballgacha zilzilalar sodir bo‘lishi mumkin. Chunki kuchi undan yuqori yer silkinishlari yuz berishi uchun tabiiy sharoit mavjud emas. 
Keyingi uch-to‘rt kun orasida ketma-ket yuz bergan kuchsiz zilzilalar haqida vahima ko‘tarishga hech qanday asos yo‘q. Yurtdoshlarimiz quruq uydirma gaplarga emas, aniq ilm-fanga asoslangani ma'qul.

Bir gapni qo‘shimcha sifatida aytishim mumkin: yurtimizning qayerida, eng yuqori necha ballgacha yer silkinishi mumkinligi oldindan aniqlangan. 

Seysmik tumanlashtirilgan xarita tuzilgan. Shu bois mamlakatimizda bino va inshootlar qurilishi ana shu xarita asosida, zilzilaga bardoshli qilib barpo etiladi. Biroq zilzila qachon, qancha kuchlanishli bo‘lishi juda ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lgani uchun bu borada yuz foizli aniq gap aytish mushkul. Ilmiy izlanishlar bu masalaning tagiga to‘liq yetgani yo‘q. Lekin sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yer silkinishlarining joyi va kuchini bilish  masalasi nisbatan yuqori aniqlikda hal qilingan.

Top