08:56 / 17.05.2017
30971

“Agrobank” filialining rahbari pora bilan ushlandi

Samarqand viloyati IIBga yakka tartibda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan biri ariza bilan murojaat etdi, deb xabar beradi O‘zbekiston IIV rasmiy sayti.

Ma'lum  bo‘lishicha, sakkiz kishini ish bilan ta'minlagan tadbirkor faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida viloyat aksiyadorlik tijorat banki «Agrobank»ning Kattaqo‘rg‘on shahar filialiga joriy yilning 6, 13 fevral va 27 aprel kunlari o‘zi, onasi hamda turmush o‘rtog‘i nomiga chorva mollari xarid qilish uchun kredit olishga ariza beradi. Biroq bank filiali rahbari Ixtiyor Begmatov kredit ajratilishini  paysalga soladi. Barcha zarur hujjatlar taqdim etilganiga qaramasdan, arizalarni qabul qilishni ortga suraveradi.

Nihoyat, tadbirkor 27 aprel kuni yana I. Begmatovning huzuriga keladi. Nafs quliga aylangan bank rahbari bu safar unga kredit ajratish uchun bankning viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslarini «rozi qilishi» lozimligini aytadi. Buning uchun 300 AQSh dollari berishni talab qiladi. 

Buni qarangki, vijdoni jig‘ildonga aylangan I. Begmatovning bu jinoiy xatti-harakati birinchisi emas ekan. Aniqrog‘i, unga nisbatan oylik maoshidan qisman olib qolish sharti bilan joriy yilning fevral oyidan boshlab ikki yilgacha rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmasligi to‘g‘risida sud hukmi chiqarilgan. Ammo viloyat aksiyadorlik tijorat banki «Agrobank»ning mansabdor shaxslari I. Begmatovni rahbarlik lavozimidan ozod etmasdan, u bankning Kattaqo‘rg‘on shahar filiali boshlig‘i lavozimida o‘z faoliyatini davom ettirishiga imkon yaratib berishgan.

«O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» deganlaridek, I. Begmatov yana takroran jinoyatga qo‘l urdi. Joriy yilning 27 aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida esa 300 AQSh dollari miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Hozirgi paytda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilyapti.

Top