16:34 / 17.05.2017
11206

Boku-2017. O‘zbekistonlik ikki bokschi finalga chiqdi, yana ikki nafari yarim final jangi arafasida

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Bugun, 17 may kuni Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV «Islom birdamligi sport o‘yinlari»ning oltinchi kungi musobaqalari davom etdi.

Bugun O‘zbekiston boks jamoasining 5 nafar vakili ringga ko‘tarilishi belgilangandi. 
Yarim final ishtirokchilari
-49 kg: Mironshoh Ibragimov
-52 kg: Abror Qodirov
-56 kg: Abdulxay Shorahmatov
-64 kg: Alyor Noraliyev
-69 kg: Bobo-Usmon Baturov

Ayni vaqtga kelib ularning 3 nafari o‘z ishtirokini o‘tkazib bo‘ldi.

Mironshoh Ibragimov yarim finalda iroqlik Nosir Hasanga 2:3 hisobida yutqazdi. -56 kg vazn toifasidagi Abdulhay Shorahmatov esa ozarboyjonlik Tayfur Aliyevni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. U finalda turkmanistonlik Meredov Yoqub bilan raqib bo‘ladi.

-64 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Alyor Noraliyev esa yarim finalda Qozog‘iston vakili Kuan Kuvvatov bilan mushtlashib, g‘olib keldi (5:0). Unga 18 may kungi final bahsida misrlik Muhammad Islom raqiblik qiladi.

Yana ikki bokschi, Abror Qodirov (-52 kg) va Bobo-Usmon Baturov (-69 kg) o‘z janglarini bir necha soatdan keyin o‘tkazadi. Abror Qodirovning yarim finaldagi raqibi marokashlik Dara Abdullayi bo‘lsa, Bobo-Usmon Baturov suriyalik Ahmad Hussanga qarshi chiqadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston boks terma jamoasi Bokuga 9 nafar bokschi bilan jo‘nab ketgandi. Ular orasidan 4 nafar bokschi: Ulug‘bek Do‘stmurodov (-60 kg), Mahmud G‘oipov (-75 kg), Madiyor Saidrahimov (-81 kg) va Sardor Begaliyev (-91 kg) medallar uchun kurashdan chiqib ketgan.

Mavzuga oid
Top