14:25 / 17.05.2017
10317

Xalqaro kongress qatnashchilari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirishdi

16 may kuni ko‘hna va navqiron Samarqandning Registon maydonida “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy kongressining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun Toshkent va Samarqandda davom etgan xalqaro kongress ishida dunyoning 40 mamlakatidan 370 nafar ishtirokchi qatnashdi, ular orasida fan va madaniyat muassasalari, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, diplomatik korpus vakillari, ekspertlar hamda olimlar bor.

Yopilish marosimida YuNeSKOning O‘zbekistondagi rahbari Krista Pikkat so‘zga chiqar ekan, bugun butun dunyoda notinchlik hukm surayotgan, qadimiy me'moriy yodgorliklar yo‘q qilinayotgan bir vaqtda ushbu xalqaro kongressning ahamiyati beqiyosligini alohida ta'kidladi. 

Mazkur yirik butun dunyo olimlarini qamrab olgan kongress yakunida barcha ishtirokchilar rezolyutsiya qabul qildilar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumatiga bunday tadbirni o‘tkazish uchun imkoniyat yaratgani uchun minatdorchilik bildirdilar. Krista Pikkat qabul qilgan rezolyutsiyani o‘qib eshittirar ekan, O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zbek xalqining madaniy merosini saqlashga va uni targ‘ib qilishga bo‘lgan bunday e'tibori e'tirofga sazovorligini ta'kidlab o‘tdi.

Kongressning asosiy voqealaridan biri O‘zbekiston xalqlarining madaniy va tarixiy yodgorliklari to‘plamlarini o‘z ichiga olgan 10 ta noyob albom-kitob va hujjatli filmlarning taqdimoti bo‘ldi.

Tadbir so‘nggida kongress qatnashchilariga butun dunyo va O‘zbekiston tarixidan hikoya qiluvchi 3D-mapping shou namoyish etildi.

Top