08:27 / 17.05.2017
13308

Hongkongdagi yer maydoni misli ko‘rilmagan rekord narxga sotildi

Foto: scmp.com

Hongkongda hukumat o‘tkazgan auksionda dunyodagi eng qimmat yer maydoni 3 mlrd dollarga sotildi. Bu haqda 17 may kuni South China Morning Post nashri xabar berdi

Hongkongning qoq markazida joylashgan maydonni dunyoning eng badavlat odamlaridan biri Li Shaukiga tegishli bo‘lgan Henderson Land Development kompaniyasi xarid qildi. Yer maydonini qo‘lga kiritish uchun yana 8 ta kompaniya kurash olib bordi. Ular orasida Xitoy vakillari ham bo‘lgan. 

Henderson Land Development yerning har bir kvadrat futiga (0,09 kvadrat metr) 6460 dollardan haq to‘lagan. Shu tariqa yerning yakuniy narxi 3 mlrd dollarni tashkil qildi. Yer uni ekspertlar baholayotgandan 200 mln dollarga qimmatroqqa sotildi.  

Maydonda hozirda 5 qavatli avtoturargoh joylashgan. Kompaniya bu inshootni 2022 yilgacha buzib, uning o‘rniga ofis binosini barpo etmoqchi.

Ushbu rekord narx yon-atrofdagi ko‘chmas mulk narxiga ham ta'sir qilib, uning qiymatini 11 foizga ko‘tarib yuborgan.

Top