15:19 / 17.05.2017
24054

“Ishlamayotgan” gaz hisoblagich ortidan kelib chiqqan tovlamachiliklar

Foto: Kun.uz

Men 1930 yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilganman. Millatim rus. 1955 yilda taqdir taqozosi bilan Toshkent viloyatining Qibray tumaniga kelib, muqim yashab kelyapman. Uch nafar farzandim bor. Hozirda ularning hammasi uyli-joyli bo‘lib ketishgan. Turmush o‘rtog‘im 1974 yilda og‘ir kasallik tufayli olamdan o‘tgan. Unga qadar turmush o‘rtog‘im bilan «Qibray» sovxozida mehnat qilganmiz. Hozirda nafaqadaman, 300.000 (uch yuz ming) so‘mdan ziyod nafaqa olaman.

Endi Sizning saytingizga murojaat etishga majbur etgan voqea to‘g‘risida batafsil to‘xtalsam.

Joriy yilning fevral oyida xonadonimga o‘zini «Qibray tuman gazlashtirish idorasidanman», deb tanishtirgan Sultonmurod ismli bir kimsa kirib keldi. U uyimga o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagichini ko‘zdan kechirib, tomdan tarasha tushgandek: «Hisoblagichingiz ko‘pdan buyon ishlamayotgan ekan, nega bundan bizni xabardor etmadingiz?», deb so‘radi.

Men unga: «Bu bo‘lishi mumkin emas! Har oyda nazoratchilar kelib, tekshirib ketishadi», deyishim hamono Sultonmurodning fig‘oni falakka chiqdi: «Hisoblagichingiz ishlamayotgani uchun tezda 2.000.000 (ikki million) so‘m pul berasiz! Bo‘lmasa, hoziroq gazingizni o‘chirib ketaman!», — deb turib oldi.

Men ichkariga kirib, 2016 yil 10 oktabrda hisoblagich davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazilgani va uning kafolat muddat 2020 yilga qadar ekanini tasdiqlovchi kafolat sertifikatini olib chiqdim.

Sultonmurod sertifikatga ko‘z yugurtirgan bo‘lsa-da, o‘z shashtidan qaytmadi. O‘rtaga qo‘ni-qo‘shnilar aralashishiga to‘g‘ri keldi:

— Hoy, sizda insof bormi o‘zi?! Mana shunday sovuqda 87 yoshli qariya gazsiz qanday o‘tiradi?

— Bu meni qiziqtirmaydi! Hisob-kitob qilgani men ertaga kelaman. Aytgan pulni tayyorlab qo‘ying! Ertaga yoshingizga qarab o‘tirmayman.

Shu kuni qattiq asabiylashganim tufayli qon bosimim 220 ga chiqib ketdi. Tuni bilan mijja qoqmadim: axir gazning pulini doimo to‘lab turgan bo‘lsam...

Qizimni chaqirtirib, ukol oldim va unga bo‘lgan voqeani boricha aytib berdim. Qizim esa, o‘z o‘rnida, turmush o‘rtog‘iga aytib beribdi. Ertasi kuni kuyovim tuman gazlashtirish idorasiga borib idora boshlig‘i Abdujamil Jo‘rayev qabuliga kiribdi va undan shu gaplarni eshitibdi:

— Sultonmurod va boshqa o‘n uch nafar xodimni bugun ishdan bo‘shatib yubordim. Agar gaz hisoblagichingiz ishlamayotgan bo‘lsa, unda Sanjarga uchrashing, — deb boshliq Sanjarning telefon raqamini yozib beribdi.

Nihoyat, kuyovim Sanjarni topib, unga bor gapni tushuntiribdi..

— Do‘stlik, 19-xonadonda men ham bo‘lganman. Hech kim qariyaga tovlamachilik qilgani yo‘q. U bilan gaplashgan gaplarimizni diktofonga yozib olganmiz.

Kuyovim Sanjarga har qanday odamning ovozini beruxsat yozib olish, videoyozuv va tasvirga olish qonunga zid ekanini eslatib qo‘yibdi.

— Ertaga qaynonangizning uyiga odam jo‘natib, bu masalani hal etamiz, — deb va'dani quyuq qilibdi Sanjar Almatov.

Biroq Sanjarning odamlari ertasiga ham, o‘n kundan keyin ham xonadonimga kelishmadi. Navro‘z bayramidan keyin kuyovim yana Sanjarning huzuriga borishga majbur bo‘ldi. U hamon yolg‘on va'dalarni berishdan charchamas edi:

«Bu yog‘da ish ko‘payib ketdi, bu yog‘da har kuni komissiya keladi. Bugun, albatta, borishadi».

«Toshkentgazta'minot» unitar korxonasining Qibray tumani filialida bo‘linma boshlig‘i bo‘lib ishlovchi Sanjar Almatovning va'dasiga ishonmay qo‘ygan kuyovim meni bu gal ogohlantirmagan edi. Shundan bo‘lsa kerak, Sanjarning qo‘lida ishlaydigan Alisher Qosimovning «tashrifi»dan bexabar qolibman.

Mening qulog‘im yaxshi eshitmaydi. Maxsus apparat yordamida gaplashaman. Shu bois, Alisherning chaqiruvlarini eshitmabman. Unga qo‘shnilarim mening qulog‘im og‘irligini aytganiga qaramay, uning xunobi oshib, eshikni buzibdi va ichkariga kiribdi. Uning ortidan qo‘ni-qo‘shnilar kirishgan. Alisher hisoblagichni turgan joyidan buzib, gazni butunlay o‘chirib qo‘ymoqchi bo‘pti.

Yon qo‘shnim meni yotgan joyimdan aytib chiqishdi. Men: «Nima qilyapsizlar?», deb so‘rasam, u «Hisoblagichingiz ishlamayapti. Uni sozlashga olib ketyapmiz!», dedi.

«Nega gazni o‘chirdingiz?» — desam, «Qarzingiz bor, uni to‘lab qo‘ysangiz, keyin ulab beramiz!» , deb javob qaytardi.

Men unga: «Hech kimdan hech qanaqa qarzim yo‘q! To‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab turibman-ku!», deb to‘lov qog‘ozlarini ko‘tarib chiqdim. Biroq Alisher insofga kelmadi. To‘lov qog‘ozlarini nomiga bo‘lsa ham qo‘liga olmasdan, ko‘chaga chiqib ketdi. Hozirgi kungacha hisoblagich yechilgan joydan hamon gaz hidi anqib turibdi.

«Qibraytumangaz» xodimlarining bunday bosqinchilarday xatti-harakatlaridan, qo‘rs, qo‘pol muomalasidan fig‘onimiz falakka chiqdi. Kuyovim ertasi kuni ertalab yana tuman gaz idorasi boshlig‘i Abdujamil Jo‘rayev qabuliga kiribdi.

Boshliq bu gal kuyovimga abonentlar bo‘limiga uchrashishni maslahat beribdi.

Boshliq aytgan abonentlar bo‘linmasi boshlig‘i Ulug‘bekka uchraganida u kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, yoniga kechagina uyimga kelib hisoblagichni yechib, gazni o‘chirib ketgan Alisher Qosimovni chorlabdi. U gap nima haqidaligini bilishi bilan: «Do‘stlik, 19-uyda yashovchilarning ikki milliondan ziyod qarzi bor», debdi.

— Bu odamni xonangga olib borib gaplash, — debdi Ulug‘bek unga.

Alisher kompyuterini ochib, uzoq hisob-kitob qilibdi-da, kuyovimga:

— Aka, qaynonangizning qarzlari ikki million emas, to‘rt million ekan! — deb o‘dag‘aylab ketibdi.

— Qanaqasiga!? Bu bo‘lishi mumkin emas! Qaynonam gaz va boshqa kommunal xizmat to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab keladi-ku?! — debdi kuyovim.

— Mana kompyuterda hammasi oyday ko‘rinib turibdi. Bu xonadonda besh nafar odam yashaydi.

— To‘xtang-to‘xtang! Nimalar deyapsiz? Bu xonadonda bitta qariyadan boshqa hech kim yashamaydi. Ro‘yxatda ham bir o‘zi turadi. Mana uning hujjatlari, — kuyovim tushuntirishga harakat qilibdi.

Alisher Qosimov kuyovim taqdim etgan hujjatlarni ko‘zdan kechirib, boshqatdan hisob kitobga o‘tiribdi. Keyin shu yil 7 apreldan tuzilgan dalolatnoma ostiga 792.736 so‘m, deb yozib beribdi. Ana, xolos! Hozirgina qarzingiz to‘rt million deb turgan odam, endi 792 ming so‘m deb tursa?! Bu qanaqasi axir! U yana bir marta hisob-kitob qilsa, kim kimdan qarzdorligi ma'lum bo‘lardi.

Ushbu xatni Sizga yuborishdan avval men kuyovimga viloyatdagi rahbarlarga uchrashib, boshqatdan hisob-kitob qildirishni iltimos qildim. Zora, hamma narsa shu yerda hal bo‘lsa, degan umidda.

Kuyovim 2017 yil 28 aprel kuni ertalab «Toshkentgazta'minot» unitar korxonasi direktori Bedil Alimov huzuriga bordi. Afsuski, qorovul uni ichkariga kiritmabdi. Qoidasi shunaqa emish, qabulga kelganlar eshik yonida necha soat bo‘lsa-da, tik turib, kutib turishar ekan. Nega tik oyoqda, deysizmi? Chunki idoraga kelgan odamlar uchun o‘tiradigan joy ham yo‘q ekan-da. Bu idoraga kuniga butun viloyatdan qanchadan-qancha odamlar — yoshu qari, turli kasb egalari kelib, eshik yonida qoqilgan qoziqday sarg‘ayib turishar ekan.

Nihoyat, qorovul qabulxonaga qo‘ng‘iroq qilib rahbarning qabuliga kirish uchun yana bir otaxon kelganini aytibdi. Kotiba uni kutib tursin, hozir boshliqning xonasida majlis bo‘lyapti, debdi.

Direktor tushga yaqin kuyovimni qabul qiladigan bo‘libdi. Kuyovim boshliqning xonasiga kirsa, u yerda «Qibraytumangaz» idorasining abonentlar bo‘linmasi boshlig‘i Ulug‘bek o‘tirgan ekan...

Boshliq Ulug‘bekka kuyovimni ko‘rsatib:

— Bu odamni taniysizmi? — deb so‘rabdi.

Ulug‘bek: «Ha, bu odamning qaynonasining gazdan ikki million so‘m qarzi bor», — debdi.

— Siz Alisher Qosimovning so‘nggi hisob-kitobidan xabarsiz ekansiz. Uning so‘nggi hisob-kitobi bo‘yicha 792.736 so‘m chiqdi, — debdi kuyovim dalolatnomani ko‘rsatib.

Direktor Bedil Alimov bu gapni eshitgach, xayr-ma'zurni ham nasiya qilib:

— Bo‘pti, 792 ming so‘m pulni to‘lab qo‘yinglar, keyin gaplashamiz, — deya ketishga hozirlanibdi.

Kuyovim boshliqqa mening yoshim 87 daligini, gazsiz qiynalayotganimni aytib, pul masalasi hal bo‘lguncha gazni ulashga yordam berishini so‘rabdi.

— Bizni iste'molchilarning yoshi qiziqtirmaydi. U yosh bo‘ladimi, qari bo‘ladimi, qarzini to‘lab qo‘ysa, gazni yoqib beramiz! — debdi boshliq.

Bu katta bir viloyatdagi «obro‘li» idora rahbarining gapi!

Men sizga tumanimizda shu kunlarda sodir bo‘layotgan sansalorlik, ovoragarchiliklar, tovlamachiliklar haqida ozgina hikoya qilib berdim. Agar gapimni inobatga olib, o‘zingiz vaqt topib, bu idoraga bir qadam ranjida qilsangiz, gazlashtirish idorasi boshlig‘i Abdujamil Jo‘rayev odamlarni qanday sarson-sargardon qilib kunini behuda o‘tkazayotganiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Kadrlar qo‘nimsizligi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Eshitishimcha, «Qibraytumangaz» idorasi davlatdan juda katta miqdorda — taxminan bir yuz ellik yetti milliard so‘m qarzi bor ekan. Qibray gaz idorasidagilar mana shu qarzlarini biz faxriylar hisobidan yopib olishmoqchimikin?! Endi ayting-chi, yana qancha muddatgacha gazsiz o‘tirishim kerak?! Bu insofsizlarni o‘zboshimchaliklari uchun tergaydigan tashkilot bormi o‘zi?!

Hurmat va ehtirom bilan, Yekaterina Konovaltsova

Tahririyatdan: Yekaterina Petrovna gazdan foydalanganlik uchun pullarni o‘z vaqtida to‘layotganini, uyida bir o‘zi propiskada turishini, gaz hisoblagichni yaqindagina sinovdan o‘tkazganligini iddao qilmoqda. Biz «Toshkentgazta'minot» unitar korxonasining Qibray tuman bo‘limi ayni masalaga vijdonan yondashishini so‘rab qolamiz.

Top