Hayrat va holat: Odamlar qachongacha ariqdan suv ichadi?

Jamiyat 18 May 2017 45895

Xabaringiz bor Kun.uz tahririyati ijodiy safar bilan Namangan viloyatida bo'ldi. Ushbu safar davomida viloyat aholisidan kelib tushgan ko'p sonli murojaatlar borib o'rganildi. Ana shunday manzillardan biri viloyatning To'raqo'rg'on tumani, “Baxt” mahallasi bo'ldi.

Gap shundaki, bu yerda istiqomat qilib kelayotgan aholi 20 yildan ziyod vaqt mobaynida toza ichimlik suvi ichmaydi. Xo'sh, masala nimada? Aholiga yuzlanamiz.

“Arig'imizga suv kelgan kuni bayram (e`tibor bering ARIQ deyilyapti). 10-15 kunda bir suv keladi. Uzog'i bilan ikki-uch kun oqadi. Shu vaqt oralig'ida foydalanib olamiz, idishlarimizni to'ldiramiz”, deydi ayollardan biri.

“Bu yerga bir vaqtlar toza ichimlik suvi uchun quvurlar o'tkazilgan, ammo vaqt o'tib ular chirib, yo'q bo'lib ketgan. Har zamonda bir, pastlikda joylashgan uylarda suv chiqib qoladi, ammo uning sifati juda yomon. O'shani ham pullashadi”, deydi yana bir aholi vakili.

Mahalliy aholining aytishicha, mahallaga 20 tonnalik mashinada toza ichimlik suvi olib kelinar ekan va odamlar uni sotib olisharkan. Suv tugasa, ariqdan kelayotgan suvni iste`mol qilisharkan. Bir ayolning aytishicha, u bu yerga ko'chib kelganiga 28 yil bo'libdi. Ana shu vaqtdan buyon ariqdan foydalanib keladi.

Ma`lumotlarga ko'ra, ilgari bu mahalla o'rnida paxta maydoni bo'lgan va shu bois ariqqa suv muttasil kelib turgan. Ammo 5-6 yil ilgari barcha maydonlar tugatilib, uning o'rniga odamlar boshqa ishlar bilan shug'ullanib ketishgan va ana o'shandan buyon ariqqa suv kelish vaqti 10-15 kun bo'lib qolgan.

Mahalla aholisi ushbu masala yuzasidan oqsoqoldan tortib, to viloyat hokimiga qadar murojaat qilgan, ammo natija o'z holaticha qolib ketgan. Yo'q kechirasiz, quvurlar olib kelingan, lekin suv bosimi pastligi uchunmi yoki boshqa sababdanmi, teparoqda joylashgan uylarda suv chiqmaydi. Quyiroqda joylashgan uylarga suv keladi, u ham bo'lsa bir haftada ikki marta.

Shuncha murojaatlar qilingan, ammo biror bir mutasaddi tashkilot rahbari kelib, bu masalaga loaqal qiziqib ham ko'rmagan. Eng qizig'i, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning besh oyi o'tib boryaptiki, bu odamlar dardi bilan birov qiziqib ham ko'rmayapti.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shaharga qaytdik va bu mahalladan bor yo'g'i 20-25 chaqirim uzoqlikda joylashgan Namangan shahar, Marg'ilon ko'chasida toza ichimlik suvi quvurining ikki yildan buyon ta`mirlanmay yotgani va buning oqibatida suv sizib, nobud bo'layotganining guvohi bo'ldik.

Aslini olib qaraganda, viloyatda toza ichimlik suvi muammosi anchayin dolzarb masala ekanligiga shohid bo'ldik. Buni Namangan viloyatining turli tumanlaridan, shahar va qishloqlaridan kelib tushgan murojaatlar ham aytib turibdi. Masalan, yaqinda saytimiz orqali 6 yil suvsiz. Namanganda asrga xos bo'lmagan manzaralar” sarlavhali maqolada ham viloyatning Namangan shahri, “Go'zal” massivi, Mehnatobod MFY, Bahoriston ko'chasidagi toza ichimlik suvi bilan bog'liq muammo ko'tarib chiqilgan edi. Bundan tashqari, mana shunday murojaatlar To'raqo'rg'on tumani Shaxand qishlog'idan, "Yangi asr" MFY hududidan va viloyatning yana boshqa hududlaridan ham kelib tushgan.

Tahririyat safar davomida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan turli masalalarda ochiq suhbat o'tkazdi. Ushbu suhbat davomida viloyatda mavjud muammolar tilga olindi va ularning hal etilishi borasida fikrlar o'rtaga tashlandi. Suv masalasi ham Namangan viloyatida juda murakkab masala. Bugun suv bilan ta`minlanish darajasi, ayniqsa qishloqlarimizda juda ham past. Bugun suv bilan ta`minlash darajasi 74 foizni tashkil etadi. Qishloqlar bundan ham past ahvolda. Lekin bu borada ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kuni kecha qabul qilingan hujjatga ko'ra, Namangan viloyati va Namangan shahrini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash bo'yicha loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 160 million dollarlik mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi”, deb ta`kidlagan edi biz bilan suhbatda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. 

Umid qilamizki, bu kabi holatlar eng qisqa vaqt oralig'ida ijobiy tomonga bartaraf etiladi. Zero, elektr ta`minoti bilan bog'liq ba`zi kamchiliklar, tabiiy gaz bilan bo'ladigan har xil muammolar o'rtaga chiqaverib, bu salbiy holatlarga ko'pchilik, ayniqsa, qishloq aholisi, afsuski, ko'nikib qoldi. Lekin toza ichimlik suvi masalasi bilan bog'liq bu kabi sharoitlarga fuqarolarimizni o'rgatib qo'yishga aslo haqimiz yo'q, deb o'ylaymiz...

Ko'proq yangiliklar: