17:30 / 18.05.2017
11113

Italiya eng «sog‘lom» davlat deb topildi 

Foto: AFP

Sayyoramizdagi davlatlarda aholi salomatligi qay darajada ekanligini belgilovchi an'anaviy Bloomberg Global Health Index reytingining 2017 yilgi talqinida 1-o‘rin Italiyaga nasib qildi.

Bu davlatda tug‘ilgan odam 80 yoshgacha umr ko‘rishga eng ko‘p imkoniyatga ega ekani aniqlangan. 163ta davlatdan iborat reytingning eng oxirgi pog‘onasini Serra-Leone egalladi, bu davlatda odamlar 52 yoshgacha yashashga umid qilishi mumkin.

Independent nashrining xabariga ko‘ra, reyting bir nechta ko‘rsatkichlar: hayot davomiyligi, o‘lim sabablari hamda yuqori qon bosimi va tamaki chekishga moyillikdan tortib yetarlicha to‘yib ovqatlanmaslik va toza suv ichimligigacha bo‘lgan salomatlik bilan bog‘liq turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha tuziladi. 

Eng «sog‘lom» davlatlar reytingining yuqori beshtaligida Italiyadan tashqari, Islandiya, Shveytsariya, Singapur va Avstraliya ham joy oldi. AQShning bu boradagi natijalari o‘rtacha bo‘lib, u 100 ballik tizimdan 73,05 ball to‘plagan holda 34-o‘rinni egallagan. Amerikaliklarning eng katta «minusi»  semizlikka moyilliklari hisoblanadi.

Sobiq Ittifoq davlatlaridan eng yuqori pog‘onani – 38-o‘rinni Estoniya egalladi.

 

Top