Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida noqonuniy qurilmalar sud qaroriga asosan, majburiy tarzda buzilmoqda. Bu haqida Yakkasaroy tuman sud ijrochilar bo'limi boshlig'i Mashrapov M.Z. "Kun.uz" nashriga ma`lum qildi.

Ta`kidlash joizki, davlatga qarashli turar-joy va binolarni o'zboshimchalik bilan qayta qurgan yoki o'zgartirgan shaxslar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi ko'pchilikka ma`lum. 

Mahalliy sud organi jismoniy va yuridik shaxslarni mulkdan foydalanishida qonunga zid xatti-harakati yuzasidan tegishli qaror chiqarishga xaqli. 

Davlat biror ob`yekt uchun uy-joy yoki yer ajratdimi, demak u muayyan hisob-kitoblarga asoslangan. Ko'cha yuziga qarata solingan uylar, yo'l yuzida qo'yilgan to'siqlar - yo'llarning torayishi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan paytda maxsus xizmat xodimlariga noqulaylik tug'dirishi tabiiy. 

Nima uchundir turli ogohlantirishlarga qaramay, aksariyat fuqarolar noqonuniy qurilmalarni qurishda davom etmoqda. Oxir-oqibat esa, ularning bari buzilib, o'ziga moddiy ziyon yetgani qolmoqda. 

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida”gi Qonunning 73-1-moddasiga ko'ra, qarzdorning imoratini majburiy buzib tashlash guvohlar ishtirokida sud ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.