17:48 / 19.05.2017
10563

Andijon tibbiyot instituti klinikasida chet ellik jarrohlar mahorat darslari o‘tkazdi

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida “Jarrohlikning dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani doirasida mahorat darslari o‘tkazildi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) va institut ma'muriyati birgalikda tashkil etdilar.
 
Uch kun davom etadigan ilmiy-amaliy anjuman mobaynida 16 ta shunday operatsiyalar o‘tkaziladi. Ularda, shuningdek, rossiyalik professor Vitaliy Bejyenar, germaniyalik professor Salmay Turial va moskvalik yetuk jarroh Mirab Mgolablishvili qatnashadi.

Tadbir avvalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda ona va bola sog‘lig‘ini yaxshilash, ayollar reproduktiv salomatligi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga katta baho berildi. Bu borada dunyoning yetakchi davlatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya bilan yaqin hamkorlik yaxshi samaralar berayotganligi alohida ta'kidlandi. Ana shu sa'y-harakatlar natijasida respublikada ochilgan to‘rtta laparoskopiya markazining bittasi Andijonda faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, davolash-profilaktika muassasalari eng zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlandi. Albatta, bu xastalikka erta va aniq tashxis qo‘yish hamda sifatli davolash imkonini beryapti.

Nazariy ma'ruzadan so‘ng Sankt-Peterburg tibbiyot universitetining akusherlik-ginekologiya kafedrasi mudiri, professor Vitaliy Bejyenar operatsiya xonasiga o‘tib, laparoskopiya yordamida birinchi bemorga jarrohlik yordami ko‘rsatdi. Jarayon onlayn usulda Farg‘ona vodiysi viloyatlari, shuningdek, Samarqand va Toshkentdan kelgan ginekologlarga namoyish etib borildi. Ishtirokchilar malakali jarroh bilan bevosita muloqotda o‘zlarini qiziqtirgan savol va muammolar bo‘yicha batafsil javoblar oldilar.

  
Shuningdek, chet ellik yetuk mutaxassislarning ma'ruzalari tinglandi.   

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top