Assanj WikiLeaks o'z faoliyatini davom ettirishiga va`da berdi

Jahon 19 May 2017 2318
Фото: RIA

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj Shvetsiya prokuraturasi unga qarshi ishni to'xtatganidan keyin birinchi marta matbuot oldida chiqish qilar ekan, uning sayti o'z faoliyatini davom ettirishiga va`da berdi. RIA "Novosti" shu haqida xabar berdi.

"WikiLeaks hujjatlarni chop etishda davom etadi, - dedi Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasi balkonidan jurnalistlarga murojaat qilib. - Bugun men uchun muhim g'alabaga erishildi... Biroq safar endi boshlanmoqda, haqiqiy urush hali oldinda".

U o'zi va xodimlari nomiga bo'ladigan tahdidlarga chidab o'tirmasligi, biroq AQSh Adliya vazirligi bilan muloqotga kirishishdan mamnun bo'lishini ma`lum qildi. 

Assanj shuningdek Britaniya politsiyasining va`dasidan taajjublandi. Gap shundaki, Britaniya politsiyasi Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasini tark etgan taqdirda, uni qo'lga olishga va`da bergan. WikiLeaks asoschisi uning huquqshunoslari bu borada Britaniya hukumatidan uning ishiga oid surishtiruv ishlari olib borishga harakat qilishini ta`kidlagan. 

"Men yetti yildan beri tutqunlikdaman, uy qamog'ida... Ayblovsiz ushlab qolish va ekstraditsiya qilish Yevroittifoqning o'ziga xos jihatiga aylangan ko'rinadi... Rivojlangan mamlakatlar o'zini bunday tutmaydi", - dedi u.

Shuningdek, Assanj WikiLeaks xabarchisi Chelsi Menning (o'tmishda Bredli Menning)ning yaqindagina ozod qilinishini "muhim g'alaba" deb atadi. Menning sobiq prezident Barak Obama tomonidan afu qilingan va yaqinda ozodlikka chiqqan edi. 

19 may kuni Shvetsiya prokuraturasi Assanj ishi bo'yicha tergovni to'xtatgani haqida xabar qilindi. Assanj jinsiy tajovuzkorlikda ayblanayotgan edi. U 2012 yildan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasida - o'shanda u WikiLeaks faoliyati tufayli AQShga ekstraditsiya qilinishdan xavfsirab, Lotin Amerikasi mamlakati hukumatiga siyosiy boshpana so'rab murojaat qilgandi. 

Ko'proq yangiliklar: