18:31 / 19.05.2017
4366

Google Peruning tabiiy ofatdan ziyon ko‘rgan hududiga havo sharlaridan internet tarqatish tizimini sinovdan o‘tkazdi

Foto: tu.nu

Project Loon jamoasi birinchi marta internet tarqatishga mo‘ljallangan havo sharlarini talofat ko‘rgan hududlar sharoitida sinovdan o‘tkazdi. Qurilmalar uch oy mobaynida keng ko‘lamli suv toshqinlaridan jabr ko‘rgan Peru mintaqasi uzra faoliyat ko‘rsatdi. Bu haqida Google X labaratoriyasi xodimi va Project Loon rahbari Alaster Vestgart o‘z blogida xabar berdi.

Telekommunikatsion qurilma bilan jihozlangan aerostatlar Puerto-Riko orolidagi maydondan AQSh Fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasining qo‘llab-quvvatlashi ostida Google xodimlari tomonidan ishga tushirildi. Shundan so‘ng ular 12 kun ichida 3,5 ming kilometr masofani kechib o‘tib, stratosferaga 20 kilometrga ko‘tarilishdi.

Uch oy davomida Google'ning uchar sharlari Peruning uch yirik shahri - Piura, Chimbota va Lima atrofida Ispaniyaning Telefonica aloqa operatori tarmoqlariga kirish xizmatini taqdim etishdi. Project Loon vakillarining so‘zlariga ko‘ra, umumiy qamrov maydoni 40 ming kvadrat kilometrdan ziyodni tashkil qilgan, jo‘natilgan trafik miqdori esa 160 Gb'dan oshgan.

Bundan avval Google muhandislari internet tarqatuvchi havo sharlari faoliyatini Yangi Zelandiya, Avstraliya va Shri-Lankada sinovdan o‘tkazgandi. 

Top