«Kun kelib iziga tushar», degan umidda. Matbuot o'qituvchilar muammosini ko'tardi

Jamiyat 19 May 2017 41686

Keyingi vaqtlarda internet jurnalistikasida dolzarb mavzuga aylangan o'qituvchilarning qo'shimcha ishlarga majburiy jalb etilishi muammosiga matbuotda ham e`tibor qaratildi. «Oila davrasida» gazetasining 2017 yil 18 may sonida «Matematika» metallom yig'ishga, «Adabiyot» ko'cha tozalashga... Yoxud o'qituvchini zimmasiga kirmaydigan yumushlarga kim majburlamoqda?» sarlavhali maqola chop qilindi.

Quyida ushbu maqola o'zgartirishlarsiz qayta nashr etiladi.

Andijon viloyatidan yuborilgan xatda shunday so'zlar keltirilgan: «Farzandim informatika fanidan ikki yillik dars jarayonida aytarli narsa o'rgana olmadi. Shu bois repetitorga berdim. Bolam oradan uch oy o'tib, dasturlashni yaxshi o'zlashtirdi. Bir tomondan, bundan behad xursand bo'lsam, ikkinchi tarafdan esa maktabdagi ta`limning sifatsizligi, o'qituvchining yetarli malakaga ega emasligidan jahlim chiqdi...»

Ushbu holat nashr tahririyatini  mulohazaga chorlaydi.

Bunday vaziyatni bugun deyarli barcha ta`lim muassasalarida uchratyapmiz. O'quv soatlarida o'tilishi kerak bo'lgan darslar «prodlyonka», «qo'shimcha dars», «repetitor» tarzida «chuqurroq» hamda «sifatli» qilib o'tilmoqda. Ammo ushbu maqolada mulohaza yuritmoqchi bo'lgan mavzumiz bu haqda emas.

Hammamiz bolamizning ilmsizligi uchun ko'proq o'qituvchini ayblashga odatlanib qolganmiz. To'g'ri, sholiga qo'shilib kurmak ham suv ichganidek, shunchaki kunni o'tkazib, maoshini olib yurgan o'qituvchilar ham yo'q emas. Bundaylarni nafaqat ta`lim, balki boshqa soha vakillari orasida ham uchratish mumkin. Lekin o'z ishini qadrlaydigan, zahmatkash, insofli, yosh avlodning ta`lim-tarbiyasiga sidqidildan bosh-qosh bo'ladigan, sharafli va mashaqqatli kasbini ulug'lab kelayotgan o'qituvchilar juda ko'p.

Aslida o'qituvchi o'quvchilarga yaxshi dars o'tolmasligining o'ta muhim, kerak bo'lsa, birlamchi sababi ham bor. U ham bo'lsa, uning gardaniga asosiy ishi bir chetda qolib, haddan tashqari ortiqcha vazifalar yuklatilishidir. Oqibatda bu ta`lim sifatiga o'zining salbiy ta`sirini o'tkazib, muallim aybsiz aybdorga aylanib qolmoqda.

Keling, bu haqda yaxshisi, o'qituvchilarning o'zidan so'rasak.

«Dam olish kuni ham ish»
— O'zbek tili va adabiyoti fanidan dars beraman, — deydi ismini aytishni istamagan Olmaliq shahridagi maktablarning birida faoliyat yuritayotgan o'qituvchi. — Boshqa tashkilotlarda haftada asosan, besh kun ish bo'lsa, biz yetti kun ishlaymiz. Yakshanba kuni kamida olti nafar o'quvchining uyiga borib, ota-onasi va o'zi bilan birga rasmga tushib, suratni maktabga topshiramiz. Bundan ko'zlangan maqsad — o'qituvchi, hatto, dam olish kuni ham o'z o'quvchilarini nazorat qilib borishini ko'rsatishdir. Kamiga, maktablarda keragidan ortiq qog'ozbozlikka ruju qo'yilgan. O'qituvchi har bir qilgan ishi uchun bir enlik qog'oz to'ldirib, hisobot yozishga majbur.

Endi o'zingiz o'ylang. Bunaqa ish tartibida qanday qilib ertangi darsga tayyorlanish mumkin? Ochig'i, bugun o'quvchining hayotiga birinchi galda ota-onasidan ko'ra, ko'proq o'qituvchi javobgar, degan qarash mavjud. Yaqinlari uning kelajagi uchun ikkinchi darajali go'yo.

«Hashar» va «majlislar»
— Boshlang'ich sinf o'qituvchisiman, — deb gap boshladi o'zini tanishtirishni istamagan yana bir o'qituvchi. — To'g'risi, oxirgi paytlarda maktabdagi haddan ortiq vazifalarni deb, hatto, o'z sohamni yaxshi ko'rsam-da, ishlagim kelmay qoldi. «Tumanga hokimliklardan tekshirish keladi» deya, navbatdan tashqari hasharlar, majlislar, farrosh borligiga qaramay, xonayu yo'laklarni yuvish kabilardan charchadim. To'g'ri, bu kabi yumushlar ham kerak. Ammo nazarimda, bizning birinchi galdagi ishimiz — o'quvchilarga sifatli ta`lim berish.

Shularni deb, turmush o'rtog'im ham ishlashimni istamayapti. Boz ustiga, oilamga yetarlicha vaqt ajratolmayapman. Lekin «kun kelib iziga tushar», degan umidda, qolaversa, ota-onam to'rt yil o'qishimga kontrakt to'lab o'qitgani bois ishimni yig'ishtirishga ko'zim qiymaydi.

Yaqinda o'qituvchilar orasida tarqagan gap hammasidan o'tib tushdi. Nima emish, endi har bir o'qituvchi maktab bog'idagi o'ziga biriktirilgan yerga pomidor va bulg'or qalampiri ko'chati ekarmish. Shunday qilinsa, bir yo'la dehqonga aylanamiz-qolamiz.

Kontsert zalining ko'rki
— Boshqa maktablarda bo'lgani kabi bizning maktabda ham ortiqcha qog'ozbozlik va yugur-yugurlar juda ko'p, — deydi Toshkent viloyati maktablarining biridagi ingliz tili o'qituvchisi. — Bu hech kimga sir emas. Mayli, hammasiga chidab, ko'z yumish mumkindir. Lekin biron bir xonandaning konsert dasturiga majburiy chipta sotilishini qanday izohlash mumkin?

O'zi oxirgi paytlarda o'qituvchi hokimiyatu mahallaning tekin dastyoriga aylandi-qoldi. Endi san`atkorlarning konsert dasturiga o'zi xohlamasa-da, majburan olib borilishiga qanday chidash mumkin? O'tgan oy maktabimiz o'qituvchilariga bir san`atkorning konsert dasturiga majburiy chipta tarqatildi. Borsak-bormasak, maoshimizdan 20 ming ushlab qolindi.

O'zi majburiy obunalardan charchab ketganmiz. Bunday konsertlarga borishga hech bir o'qituvchining ortiqcha puli ham, vaqti ham, xohishi ham yo'q. Unga ketkazgan vaqtini, yaxshisi, darsga sarflasa, o'zi va o'quvchilariga ko'proq foyda bo'ladi-ku!

Aprel oyida har bir o'qituvchi o'ziga biriktirilgan mahallada uyma-uy yurib, xonadon a`zosidan, hovlisidagi daraxtlarigacha hisoblab chiqdik. Hayronman, bu kabi ishlarni mahalla fuqarolar yig'ini qilishi kerak emasmi?

* * *

Ha, bu mulohazalar egalari bor odamlar va bu gaplarning hammasi haqiqat. Faqat ertaga o'sha o'qituvchi sha`niga turli gap-so'zlar bo'lmasligi uchun ularning ism-familiyasini keltirmadik. Qolaversa, bu yerda butun tizimdagi muammoni aytish niyatida edik. Gazetamizda biroz ilgariroq ko'tarib chiqqan mavzumizda faqat familiyasi keltirilgan birgina kishiga vazirlik tomonidan «qattiq» chora ko'rilgani kabi vaziyat yuz berishidan istihola qildik.

Shu o'rinda savol tug'iladi: nima uchun maktablarda ortiqcha qog'ozbozlik ko'p? Muallimga vakolati va majburiyati doirasiga kirmaydigan vazifalarni kim buyuradi? Mutasaddilar qayerga qaramoqda?

«Ortiqcha qog'ozbozlik yo'q»
Joriy yilning 25 aprel kuni Milliy matbuot markazida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Xalq ta`limi vazirining birinchi o'rinbosariga shu kabi savollar bilan murojaat etdik. Mutasaddi rahbar ularga quyidagicha javob berdi:
— O'qituvchini ortiqcha qog'ozbozlikdan ozod etish maqsadida murakkab va chigal formulali baholash tizimidan voz kechildi. Uning o'rniga besh ballik tizim joriy etildi. Bu ham o'quvchi, ham o'qituvchi, qolaversa, ota-onaga ham tushunarli bo'ldi. Pedagogik yuklamalar birmuncha osonlashtirildi. To'g'ri, oldin o'qituvchi gul eksa, ota-ona bilan uyma-uy yurib gaplashsa, bu ishlar bajarilganini isbotlash uchun undan surat talab qilinar edi. Lekin hozir unday emas, bunga chek qo'yilgan.

Ayni paytda o'qituvchi beshta yo'nalish bo'yicha: dars ishlanmasi, sinf jurnalining o'z vaqtida to'ldirilishi, yillik tarbiyaviy ishlar rejasi va yillik mavzular bo'yicha hisobot topshiradi. Bu o'qituvchilarga ortiqcha og'irlik tug'dirmaydi.

Vazirlik o'qituvchiga uning vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklamaydi. Biz faqat ta`lim muassasasini toza tutishini, sifatli ta`lim berishini talab qilamiz, xolos. Muallimga «metallom» yoki «makulatura» topshirishni ham hech qachon buyurmaymiz va bundan keyin ham shunday bo'lib qolaveradi. Bunday topshiriqlarni qaysi tashkilot buyursa, savollar shu idora rahbarlariga berilsa, adolatdan bo'lardi. 

Vazirlik har doim bunga qarshi kurashib keladi. Maqsadimiz — o'qituvchi birinchi galda asosiy vaqtini bilim berishga qaratishini ta`minlash. Shu bois vazirlik faqat ta`lim sifatiga javob beradi.

* * *

Mutasaddi rahbar vazirlik faqat ta`lim sifatiga javob beradi, deydi. To'g'ri, shunday bo'lishi kerak. Ammo nega ta`lim sifatiga raxna solayotgan to'siqlarga e`tibor bermaydi? Vazirlik o'qituvchiga vakolatidan tashqari vazifalarni buyurmas ekan, nega boshqa tashkilotlar bunday qilishi uchun yo'l beradi? Savolni o'sha tashkilotga bering, deya o'zini chetga olishi qanchalik mantiqqa to'g'ri keladi? Axir, ular o'z tizimida ishlaydigan xodimlarning huquqini himoya qilishga mas`ul emasmi?

Maktablardagi haddan ortiq yig'imlarga vazirlik javob bermay, kim javob beradi? Aslida davlat hokimiyat organlari nima uchun o'qituvchilarga duch kelgan vazifalarni topshiradi? Ularning bunga haqqi bormi? Ochig'i, bu savollarga na hokimliklardan, na vazirlikdan jo'yali javob ololdik.

Islohotlar samara berishi uchun…
Yaponlardan qisqa fursatda shunchalik rivojlanishning mohiyatini so'rashganda, ular, biz birinchi galda ta`lim sohasiga jiddiy e`tibor qaratdik. O'qituvchilarning maoshini vazir maoshiga tenglashtirdik, obro'sini imperator darajasiga ko'tardik, deb javob berishgan ekan.

Bugun mamlakatimizda ta`lim sohasiga alohida e`tibor qaratilib, uni yanada takomillashtirish maqsadida keng islohotlar olib borilmoqda. Shunday ekan, bugun ta`lim tizimida birinchi navbatda, o'qituvchilarning ijtimoiy hayotdagi o'rnini ko'tarish va mustahkamlash, vakolatiga kirmaydigan har qanday vazifalardan ozod etish zarur. Chunki ular bor vaqtini boshqa ishlarga safarbar etsa, bu sohadagi islohotlar kutilgandek ijobiy samara bermasligi mumkin.

Shuning uchun bu boradagi ilk qadamni hozirdan qo'ymog'imiz lozim. Zero, kelajak bugundan boshlanadi.

Ana shundagina yuqoridagidek holatga — farzandimiz uchun «repetitor» yollash yoki «qo'shimcha dars»ga pul to'lashga hojat bo'lmaydi.

G'ulomjon Mirahmedov,
«Oila davrasida» muxbiri 

Ko'proq yangiliklar: