Prezident «O'zbekgidroenergo» jamiyatini tashkil etishga farmon berdi

O'zbekiston 19 May 2017 11187
Фото: uzlidep.uz

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O'zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to'g'risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqda O'zA xabar berdi.

Yangi tuzilma «O'zbekenergo»ning GESlari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bog'liq bo'linmalari; Qishloq va suv xo'jaligi vazirligining «O'zsuvenergo» birlashmasi negizida tashkil etiladi.

«O'zbekgidroenergo»ni tashkil etish bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi komissiya tashkil etiladi.

«O'zbekgidroenergo»ning asosiy vazifalari va faoliyati yo'nalishlari etib:

  • Gidroelektrostansiya (GES)larda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni ta`minlash, shuningdek, gidroenergetika ob`ektlarini markazlashtirilgan texnologik boshqarish;
  • gidroenergetika salohiyatini kompleks o'zlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda O'zbekistonning energetika balansi tarkibida gidroenergetikaning ulushini ko'paytirishni ta`minlash;
  • yirik, o'rta, kichik va mikro GESlarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama chuqur asoslangan ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi GESlar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash bo'yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
  • yangi GESlar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish bo'yicha loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investitsiyalar va ilg'or texnologiyalarni jalb etish bo'yicha xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;
  • O'zbekistonning suv salohiyatiga tejamkorlik bilan munosabatda bo'lishni ta`minlash, gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda mavjud flora va faunani saqlash, shuningdek, O'zbekistonning iqlim, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini samarali boshqarish;
  • gidroenergetika sohasida oliy va o'rta maxsus ma`lumotga ega bo'lgan kadrlarni tizimli asosda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish belgilangan.

Tashkil etilayotgan «O'zbekgidroenergo»ning dastlabki ustav kapitali gidroenergetika energiya hosil qiluvchi korxonalarining davlat ulushi nominal qiymat bo'yicha beriladi, shuningdek, «Gidroloyiha» AJ, «Gidromaxsusqurilish» AJ, «O'zbekgidroenergoqurilish» AJ va «Suvsanoatmash» AJning ustav kapitalidagi aksiyalarning davlat paketlari hisobiga shakllantiriladi.

Yangi tashkilotga prezidentning 2 maydagi qarori bilan tasdiqlangan 2017—2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta`minlash bo'yicha ijro etuvchi va mas`ul organ vazifasi yuklatilgan.

Farmonga muvofiq, «O'zbekgidroenergo»ning GESlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan mablag'lar, faoliyat yuritayotgan GESlarni saqlab turish xarajatlarini chegirib tashlagan holda, qayta investitsiyalash yo'li bilan Dasturda nazarda tutilgan yangi GESlar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilishga yo'naltiriladi hamda yuridik shaxslarning foyda solig'i soliq bazasidan chiqariladi.

Ayni vaqtda, «O'zbekgidroenergo»ning GESlarida ishlab chiqarilgan elektr energiya uchun haq to'lash qo'shilgan qiymat solig'ini hisobga olgan holda iste`molchilar uchun pirovard tarifning 85 foizi miqdorida shakllantiriladigan tariflar bo'yicha amalga oshiriladi.

Ko'proq yangiliklar: