12:18 / 19.05.2017
31622

Shavkat Mirziyoyev dunyo davlatlari rahbarlari ishtirokidagi sammitda nutq so‘zlaydi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz as-Saudning taklifiga binoan Arab-musulmon mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari sammitida ishtirok etadi va nutq so‘zlaydi. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi ma'lum qildi.

Tadbir 21 may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida bo‘lib o‘tadi.

Yuqori darajadagi ushbu forum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash, bag‘rikenglik va birga yashash qadriyatlarini ilgari surish hamda xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha islom dunyosi va AQSh o‘rtasida yangi sheriklikni o‘rnatishning yo‘llarini muhokama etish maqsadida tashkil etilmoqda.

Sammitga Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a'zo mamlakatlar, AQSh, BMT, IHT, Arab davlatlari ligasi, Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashining bosh kotiblari taklif etilgan.

Yuqori darajadagi mazkur uchrashuv chog‘ida Saudiya Arabistoni qiroli, AQSh prezidenti, boshqa davlatlar yetakchilari qatorida O‘zbekiston rahbari ham nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Tadbir doirasida sammit qatnashchilarining Ekstremistik mafkura bilan kurashish bo‘yicha xalqaro markaz qurilayotgan joyga borishi va uning poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yilishi ham ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hozirgi paytda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qilmoqda. O‘tgan yilning 18-19 oktabr kunlari Toshkentda Islom Hamkorligi tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi. «Ta'lim va ma'rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l»  mavzusi mazkur sessiya kun tartibining asosiy g‘oyasi etib belgilangan va ushbu mavzu O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan dunyo xalqlari, o‘z xalqi taqdiri, bugungi murakkab sharoitda muqaddas dinimizning ahamiyati haqidagi chuqur mulohazalar natijasi sifatida taklif etilgan edi.

O‘shanda Shavkat Mirziyoyev mazkur kengash 43-sessiyasi ishtirokchilarining oldida nutq so‘zlar ekan, aynan ma'rifat va ta'lim bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanishini, insonlarni ezgulikka da'vat etishini, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undashini qayd etgan edi. Muqaddas islom dinimiz bizga aynan shuni o‘rgatadi. O‘zbekiston rahbari ta'kidlaganidek, bunday yondoshuv — davrning talabi.

Shuni qayd etish joizki, davlat arboblari, ekspertlar, din ulamolari xorijda O‘zbekistonni ma'rifiy islomning, dinlararo sabr-toqatlilik, millatlararo hamjihatlik namunasi deb atashadi. Masalan, yaqinda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn turli konfessiya va madaniy markazlar vakillari bilan uchrashgan edi.

Martabali komissar bu tashkilotlarning millatlararo munosabatlar va uyg‘unlikni rag‘batlantirishda hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotiyligini ta'minlashdagi ahamiyatini qayd etgan edi.

Shu munosabat bilan, BMT Oliy komissari tomonidan joriy yilda qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalasi maxsus bandlarda o‘z ifodasini topgani alohida ta'kidlab o‘tildi.

Darhaqiqat, yuqorida qayd etilgan sifatlar oliyhimmat o‘zbek xalqining qoniga singib ketgan, uning buyuk farzandlari nafaqat islom taraqqiyotiga, balki butun insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qo‘shgan. Musulmon dunyosida Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahrori Valiy, Abu Mansur Moturidiy singari buyuk siymolarning tabarruk nomlari ehtirom bilan tilga olinadi.

Islom olamida Payg‘ambar Muhammad alayhissalom hadislari to‘plamining ishonchli manbai deb e'tirof etilgan «Al-jomi' as-sahih» to‘plami «barcha muhaddislar ustozi» bo‘lmish Imom Buxoriyning ko‘p yillik fidokorona izlanishlari samarasidir.

Butun dunyo musulmonlari bu tabarruk zot tug‘ilgan Buxoroi sharifga borishga hamda uning Samarqanddagi qabrini ziyorat qilishga intiladi.

Top