«Suvoqova» afsonasi: «Bir chetini ko'taring, muammoingiz hal etiladi»

Jamiyat 19 May 2017 13376

Aholining birlamchi ehtiyojini qondirmay turib, jamiyat taraqqiyoti haqida gapirish mubolag'ali bo'lib qoladi. Chunki odamlarda kelajakka bo'lgan ishonch, istiqbol rejalari yo'qoladi, ko'rinmas tuman ichiga singib ketadi. Birlamchi ehtiyojlar ko'p, ulardan biri tabiiy ichimlik suvidir.

Bu mavzu yuzasidan so'nggi kunlarda saytimiz orqali ko'plab materiallar e`lon qilib bordik. Haqiqatan ham so'nggi yillarda bu muammo Respublikaning juda ko'plab hududida to'planib qolgan ekan. Gapni ko'p qilmaylikda, e`tiboringizni “Kun” pochtasiga kelgan quyidagi maktubga qarataylik:

“Salom hurmatli Kun.uz ijodkorlari. Biz Buxoro shahar Qo'riq qishlog'ida yashaymiz. Qishlog'imizda ichimlik suvi mavjud emas. 2017 yilning yanvar oyida viloyat hokimiga murojaat etganimizda, bir oy muddatda suv o'tkazishni “Suvoqova” rahbariga yukladi. Ammo “Suvoqova” rahbari hozirda hisobda mablag' yo'qligini va 500 metr quvur bera olishini, qolgan 1000 metriga xalqning yordami zarurligini aytdi. Biz rozi bo'lib, jami 12.600.000 so'mga 1000 metr quvur olib berdik. Mart oyida yerni qazib, quvurlarni ko'mib ketishdi. Shu bilan ishni tugatishdi. 

Biz xalq qabulxonasiga murojaat etganimizda yana 360 metr quvur yetmayotganini, “Suvoqova” hisobida mablag' yo'qligini va 100 metr quvur bera olishini aytishdi. Qolgan 260 metriga yana bir bor xalqning yordami zarurligini ta`kidlashdi. Qishlog'imizda ikki kishi ariq suvini ichib tif kasalligiga uchradi. 6 oydan beri idorama idora yurishdan charchadik”.

Chuqur xo'rsingan holda, qurbimiz yetganicha masala mohiyatiga to'xtalib o'tishga harakat qilamiz. Har yilning boshida Davlat dasturi ishlab chiqiladi va mamlakat g'aznasidan ma`lum bir mablag' ma`lum bir sohaga yo'naltiriladi. Ana shunday katta dasturlarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash borasida masala ko'tarilmasligi va shu sohaga ma`lum bir mablag' ajratilmasligi mumkin emas. Butun bir davlat tashkilotining xalq puliga qarab qolishi ikki karra bo'lmagan gap.

Xo'p, bu muammolar yillar davomida to'planib qoldi ham deylik, eng avvalo, nega yillab to'planib qolishiga yo'l qo'yildi. Ikkinchidan, hozir “qimirlaydigan” zamon-ku! Kimsan, davlat rahbarining o'zi bir kun u davlatda bo'lsa, bir kun qaysidir viloyatda, yana boshqa kun esa qaysidir bir korxonada. Dono xalqimizda ajoyib maqol bor: “... buzoqqa arpa bahona”.

So'nggi ma`lumotlarga ko'ra, ushbu qishloq ahli Xalq qabulxonasiga boribdi. Sababi Toshkentdan tekshirish kelgan ekan-da! Qishloq odamlari suv masalasini ko'tarishibdi. Mutasaddi rahbar 10 iyungacha hamma ishlar bajarilishi haqida quyuq va`da beribdi. Nima ham derdik, ko'ramiz...

Sarvar Anvar o'g'li

Ko'proq yangiliklar: