15:15 / 19.05.2017
8346

Shvetsiya Julian Assanjga nisbatan jinoiy ishni to‘xtatdi

Foto: Reuters

Shvetsiya prokuraturasi Wikileaks asoschisi Julian Assanjga nisbatan jinsiy tajovuz va zo‘rlash ishi bo‘yicha tergov harakatlari to‘xtatilgani haqida ma'lum qildi. Prokuratura uni hibsga olish va sudga tortish to‘g‘risidagi orderini bekor qilgan.

Assanj tarafdorlari saytida aytilishicha, Shvetsiya prokuraturasi tashkilot asoschisidan ayblovlarni BMT ishchi guruhining 2016 yilning fevralidagi qarori ortidan shunday qarorga kelgan. O‘shanda ekspertlar Buyuk Britaniya va Shvetsiya Assanjni ozodlikdan mahrum etish orqali uning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygani haqida xulosaga kelishgandi.

Prokuraturaning bu qaroridan keyin Assanj tabassum bilan tushgan suratini tarmoqqa joylashtirdi.

Wikileaks tashkilotida aytilishicha, Assanj Ekvadorning Londondagi elchixonasidan chiqsa, britan politsiyachilari uni hibsga olib, AQShga topshirishi mumkin. Mahalliy hukumat hozircha bu borada munosabat bildirmadi.

Assanjga qarshi ish 2010 yilning yozida ikki ayol bayonoti asosida Shvetsiya hukumati tomonidan ochilgandi. Da'vogarlar Assanj Stokholmga kelganida ularga nisbatan jinsiy tovlamachilik qilgani aytilgandi. Wikileaks asoschisi 2011 yilning 7 dekabrida qo‘lga olingan, bir necha kun o‘tib, garov puli evaziga qo‘yib yuborilgandi.

U 2012 yil iyunidan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasi hududida yashirinib turibdi. Assanjning o‘zi unga nisbatan ilgari surilgan ayblovni tan olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Shvetsiya uni hibsga olsa, darhol AQShga topshiradi, AQSh esa Assanjni turli hukumat idoralari va xizmatlarining maxfiy hujjatlarini omma e'tiboriga havola qilib yuborgani uchun ta'qib qilib keladi.

Ma'lumot uchun, Avstraliya fuqarosi hisoblangan Julian Assanj maxfiy hujjatlarni chop etish uchun yaratilgan WikiLeaks` saytining asoschisi (2006) hisoblanadi. 2010 yilda ushbu sayt AQSh harbiylarining 2007 yilda Bag‘dodni vertolyotdan turib hujum uyushtirgani va 18 nafar tinch aholi vakilining o‘limiga sabab bo‘lgani tasvirlangan videolavhani oshkor qilgan edi. Sayt o‘sha yili AQShning diplomatik xarakterdagi 250 mingga yaqin hujjatini chop etishni boshlagan.

Top