19:08 / 19.05.2017
22262

Transport vositalarini jarima maydonlariga olib kelish va saqlash tartibi haqida nimalarni bilasiz?

Foto: "Kun"

O‘zbekiston Respublikasida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylari (jarima maydonlari)ga olib kelish, joylashtirish va saqlashda qonuniylikni ta'minlash, sanitariya va yong‘inga qarshi qoidalarga rioya qilish, saqlash joylariga qo‘yiladigan talablarni belgilash, transport vositalari saqlanishi uchun javobgarlik tartibi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 149-sonli qarori bilan belgilab berilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2011 yilning 1 sentabridan boshlab jarima maydonlari hududiy hokimliklar tomonidan tanlab olingan yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan.

Transport vositalarini olib kelish (tashish) va saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlarning cheklangan miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda hududiy hokimliklar tomonidan belgilanadi. Mazkur qarorga asosan jarima maydonlari faoliyati yoki ularda joriy etilgan to‘lovlarni belgilash bo‘yicha ichki ishlar organlariga vakolat yoki vazifalar yuklatilmagan. 

Alohida ta'kidlash joizki, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga tegishli bo‘lgan jarima maydonlari mavjud bo‘lmasada, ayrim fuqarolar va jurnalistlarning yuqoridagi qaror talablarini bilmasliklari yoki noto‘g‘ri talqin qilishlari natijasida ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan noo‘rin fikrlarning tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. 

Transport vositasini ushlagan davlat organining vakolatli xodimi o‘z vakolatlari doirasida haydovchini transport vositasini boshqarishdan chetlatish yuzasidan zarur xatti-harakatlarni amalga oshiradi, ma'muriy huquqni buzish to‘g‘risidagi bayonnomani yoki transport vositasi ushlanganligi to‘g‘risidagi qarorni rasmiylashtiradi, transport vositasi to‘xtash joyiga joylashtirilgan taqdirda undagi mol-mulk ro‘yxatini o‘z ichiga oladigan tegishli dalolatnomani tuzadi.

Dalolatnoma nusxasi unga nisbatan ko‘rsatib o‘tilgan chora qo‘llanilgan shaxsga, shuningdek transport vositasini to‘xtash joyida saqlash uchun mas'ul bo‘lgan shaxsga topshiradi.

Ushlash joyiga kelgan yuridik shaxsning vakili:

transport vositasini to‘xtash joyiga joylashtirish maqsadida uni qabul qilish uchun yonida xizmat guvohnomasiga hamda yuridik shaxs tomonidan berilgan va uning muhri bilan tasdiqlangan transport vositalarini tashish (evakuatsiya qilish) huquqini beruvchi ishonchnomaga ega bo‘lishi kerak;

ma'muriy huquqni buzish to‘g‘risidagi bayonnoma yoki transport vositasini ushlash to‘g‘risidagi qaror asosida qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzgan va konstruksiyada kirish nazarda tutilgan joylarni (eshiklar, bagajnik, kapot, benzin baki qopqog‘i va hokazolar) surg‘uchlagan holda ushlangan transport vositasini ko‘zdan kechiradi va uni vakolatli xodimdan qabul qilib oladi;

transport vositasini to‘xtash joyiga olib kelish (tashish) va unga joylashtirish choralarini ko‘radi.

Transport vositalarini qabul qilish kechayu kunduz amalga oshiriladi.

To‘xtash joyidagi transport vositasi oldiga haydovchining (egasining, egasining vakilining) kelishiga faqat transport vositasini to‘xtash joyiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organning ruxsatidan keyin, uni saqlash to‘g‘risidagi mas'ul shaxs hozir bo‘lganida yo‘l qo‘yiladi, bu haqda tashrif buyurganlarni hisobga olish jurnalida yozuv qayd etiladi.
Transport vositasini ushlash muddati ma'muriy huquqni buzish to‘g‘risida bayonnoma tuzilgan yoki transport vositasini ushlash to‘g‘risida qaror chiqarilgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Transport vositasini saqlash muddati u to‘xtash joyiga joylashtirilgan paytdan boshlab soatlarda hisoblanadi.

Transport vositasi qabul qilish-topshirish dalolatnomasi bo‘yicha to‘xtash joyi vakiliga berilguniga qadar transport vositasining saqlanishi uchun transport vositasi egasi oldida qonun hujjatlariga muvofiq tegishli davlat organlari javob beradilar.

Transport vositasi to‘xtash joyiga joylashtirilgandan keyin uning saqlanishi uchun transport vositalarini to‘xtash joyiga olib kelish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar javob beradilar.

Top