14:57 / 19.05.2017
17118

O‘zbekistonga brilliantni yupqaga o‘ralgan holda olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs aniqlandi

Yupqa va konfet orasidagi brilliant ko‘zli zargarlik buyumlari, choy qutisiga joylashtirilgan tilla taqinchoqlar. Ularni noqonuniy olib o‘tish uchun qo‘llanilgan bu usullar O‘zbekiston bojxonachilarini chalg‘ita olmadi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bojxonachilar mazkur tartiblarni buzishga uringan xorijiy fuqaro A.Zakaryanning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yishdi.

“Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha O‘zbekistonga kirib kelgan ushbu shaxs bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida 87 gr. og‘irlikdagi qimmatbaho brilliant toshlari bilan bezatilgan tilla taqinchoqlarni turli konfetlar va yupqa, ya'ni lavashlar orasiga bekitishga uringan.

Ammo, uning qiymati 9 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu zargarlik buyumlarini olib o‘tishga oid qing‘ir rejasi naf bermadi.

Samarqand xalqaro aeroportida ham salkam 300 gr. og‘irlikdagi tilla taqinchoqlarning yashirin ravishda O‘zbekistonga olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinish fosh qilindi.

Qozondan uchib kelgan fuqaro A.Burhonov bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma'lum qilmasdan turib, qiymati 38 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 45 dona zargarlik buyumlarini choy qutisiga yashirgancha, olib kirishga uringan ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida O‘zbekiston bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 50 dan ortiq qonunbuzarlik holatlarida qiymati salkam 3,5 mlrd. so‘mlik 23 kg.dan ortiq og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Top