16:53 / 19.05.2017
46403

O‘zbekistonning sayohat qilishga arzigulik 19ta ajoyib maskani

2016 yil oxirlaridan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini oshirish mavzusi keng muhokama qilinmoqda. Shu o‘rinda, ta'kidlash joizki, O‘zbekistonda ko‘plab arxeologik, tabiiy diqqatga sazovor joylar ko‘p. Biroq, ularning aksariyati turli sayyohlik qo‘llanmalari va xaritalarda aks etmaydi yo bo‘lmasa kam e'tibor beriladi. Kommersant.uz sayti O‘zbekistonning 19ta must-visit (borish shart) maskanlarini o‘quvchilari e'tiboriga havola qilgan. 

1. Xo‘ja Gur-gur ota mavzesi

Foto: Facebook/@mysteriouzb

Bu mavze O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida joylashgan. Bu yerda ko‘plab qiziq jihatlarga duch kelish mumkin: bu yerda ekstremallarni 500 metrlik tik qoya, chuqur kan'onlar, dinozavrlarning toshga aylangan izlari va balandligi 3700 metrga yetuvchi qoyalar kutmoqda. 

Unga Boysun tomondan ikki yo‘l orqali borish mumkin: birinchisi — Olachopon, Qayroq va Dubola qishloqlari orqali, ikkinchisi — Darband darasi orqali Machoy, Qizil Naur va Kentala qishloqlaridan o‘tib boriladi. 

2. Maydanak baland tog‘ observatoriyasi

Foto: Facebook/@mysteriouzb

Maydanak tog‘li observatoriyasiga 1970 yilda Shahrisabz shahridan 45 km janubda joylashgan Maydanak platosida asos solingan bo‘lib, u Shimoliy yarim shardagi eng yaxshi observatoriyalardan biri hisoblanadi. Bu yerda 4ta kometa, 80dan ortiq asteroid, yangi Samarqand nomi berilgan mitti sayyora kashf qilingan. Observatoriya joylashgan joy shunchalik sokinki, ko‘pchilikda tovushli gallyutsinatsiyalar kuzatiladi. Yulduzlar juda ham yaqin ko‘ringanidan, Katta ayiq yulduzlariga qo‘l uzatsa yetgudek taassurot uyg‘otadi. 

3. Mo‘ynoqdagi kemalar qabristoni

Foto: Instaram/@otabek_mirsagatov

Ba'zan sof niyatlar ayanchli oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Orol dengizi va uning sohilida barpo etilgan Mo‘ynoq shahri taqdirini ushbu fikrga isbot deyish xato bo‘lmaydi. Inson omili tufayli qachonlardir gullab-yashnagan mintaqa sahroga aylandi. Dengiz o‘rnida qaqqayib turgan kemalar tabiatga qanchalik jiddiy zarar yetkazilganiga namunadir. 

Mo‘ynoqqa Nukus shahri orqali boriladi. Shahar orasidagi masofa 220 km. Nukusdan Mo‘ynoqqa ertalab avtobus ham yo‘lga chiqadi. So‘nggi avtobus kunduzi soat 3larda ortga qaytadi. Albatta, yengil avtomobilda borgan yaxshiroq.

4 I. V. Savitskiy nomidagi Davlat san'at muzeyi

Foto: Meros.uz

Respublikadagi eng mashhur muzeylardan biri bo‘lib, rossiyalik avangard rassomning dunyodagi ikkinchi eng yirik to‘plami Nukus shahrida joylashgan. 1966 yilda rassom va san'atshunos Igor Savitskiy shahar hokimiyatini bu yerda muzey tashkil etishga ishontiradi. Shu maqsadda unga bino berilib, o‘zi direktor sifatida tayinlanadi.  Bugungi kunda muzeydagi eksponatlar soni 90 mingga yaqindir. 

5. Darband darasi

Foto: Facebook/@mysteriouzb

Surxondaryoning Boysuni chekkalarida Darband darasi joylashgan. «Darband» tojik tilidan tarjima qilinganda «yopiq eshik» ma'nosini anglatadi. Bu yerda istqomat qiluvchi aholi daraga olib boruvchi yo‘lni saqlab qolishgan. Daraga shundoqqina kiraverishda bir vaqtlar qamoq vazifasini bajargan Zindonak bor. Yo‘l uzra davom etilsa Xo‘jamoy-ota ziyoratgohiga boriladi. Uning yaqinida Kaptarxona deb nomlanuvchi kabutarlar vodiysi bo‘lib, unda minglab qushlar yashaydi.

6. Shahrisabz Oqsaroyi

Foto: Uzbek-Travel

Oqsaroy Amir Temurning tug‘ilib o‘sgan shahri Shahrisabzdagi qarorgohidir. U 24 yil mobaynida qurib bitkazilgan. Bino atrofida unga qo‘shilib ketgan bir necha hovli bo‘lib, ular atrofida turarjoylar qurilgan. Saroy tomida hovuz bo‘lib, unda favvora otilib turgan. Oqsaroyning 300 yillar avval qulab tushgan arki mintaqada eng yirigi hisoblangan. Ayni vaqtda, ulkan saroyda atigi 2ta yodgorlik-minora qolgan. 

7. Arashan ko‘llari

Foto: Facebook/@mysteriouzb

Toshkent viloyatining Qirg‘iziston respublikasi va Namangan viloyati bilan chegaradosh hududda 3000 metrdan balandlikda Arashan ko‘li joylashgan. Albatta, unga yetib borish oson bo‘lmaydi. Chunki, yo‘l ba'zan Angren platosidagi daraga tushib ketsa, kutilmaganda tepaga ko‘tariladi. Dastlab ko‘llarning kichigi – Xo‘ja Arashan keladi. Uning chaprog‘ida Katta Arashan ko‘li joylashgan. Yanada balandroqqa ko‘tarilganda, 3400 m balandlikda tog‘ tizmalari ortida Muzli ko‘l yashiringan.

8. Shayton jig‘a yoki «Iblis dubulg‘asi»

Foto: livejournal/mr-shoor

Samarqanddan 30 km janubda Ilonsoy va Taxtiqoracha platosi joylashgan bo‘lib, bir qarashda unda ulkan toshlar ataylab sochilgandek ko‘rinadi. Bu holat Mironko‘l buloqlaridan Qoratepa qishlog‘iga qadar bir necha kilometrga cho‘zilgan. Hududning tabiati juda ham ajoyib. Yirik toshlar turli hayvonlar, yirik qushlar va yoki toshga aylangan ulkan jonzotlarga o‘xshaydi. Aytishlaricha, bu yerda yoqimsiz quvvat taraladi.

9. Hazrati Dovud g‘ori

Foto: SamBuh.ru

Samarqanddan 40 km janubi-g‘arbdagi Oqsoy qishlog‘ida O‘zbekistondagi eng mashhur qadamjolardan biri – Hazrati Dovud g‘ori joylashgan. Ma'lumki, Dovud alayhissalom dunyodagi uch yirik din (yahudiylik, nasroniylik va Islom)da 4 muqaddas kitobdan biri tushirilgan payg‘ambar hisoblanadi. Ushbu joy nima uchun aynan shunday nomlangani borasida bir necha afsona bor. Ulardan biriga ko‘ra, Hazrati Dovud yakkaxudolikka tashviq qilish uchun ushbu mintaqaga yo‘l olgan va mahalliy otashparastlarning keskin qarshiligiga uchrab, shu yerdan boshpana topgan. U qo‘llari bilan tog‘ni ikkiga yorib, ichiga yashiringani aytiladi. G‘orga 1303ta tepaga chiquvchi va 200ta pastga tushuvchi zinapoya orqali boriladi. Bu yerda Hazrati Dovudga tegishli ekani aytiladigan qo‘l va oyoq izlarini ko‘rish mumkin. 

10. Nurota tog‘ davlat qo‘riqxonasi

Foto: Facebook/@mysteriouzb

Nurota davlat qo‘riqxonasi Jizzax viloyatining Nurota tizmalari markaziy qismida joylashgan. Bu yerda tabiatning turli xil go‘zal manzaralaridan tashqari Nurota tizmalari ham kishi e'tiborini tortadi. Qadimgi petrogliflar, ming yillik tarixga ega sharqiy Biota (Majrum soyi), Fozilman ko‘li, Ashrof, Hayot, Uxum, Sentobsoy qishloqlari 10-11 asrlarga xos Xonbandi to‘g‘oni ham kishini o‘ziga rom etadi. Bu yerda tabiat go‘zalligi va qadimgi yodgorliklar uyg‘unlashib ketgan.  

11. Jaraquduqdagi «toshli o‘rmon» 

Foto: Livejournal/sibved

Qachonlardir bu yerda dengiz bo‘lgan. Endilikda u yerda turli hayvonlar qoldiqlariga duch kelinadi. Ularga ko‘ra, aytish mumkinki, O‘zbekiston hududida ham qachonlardir dinozavrlar, timsohlar bo‘lgan, dengizlarda akula va skatlar suzib yurgan. Qizilqum sahrosi hududida bir vaqtlar dunyo okeani mavj urganiga ishonish qiyin albatta. Bundan tashqari, qadimgi o‘rmon qoldiqlari ham ko‘zga tashlanadi. Agar siz qadimgi baliqlar, amfibiyalar, sudralib yuruvchilar, qushlar va boshqa sut emizuvchi hayvonlar qoldiqlariga qiziqsangiz, bu yer aynan siz uchun ekani aniq. 

12. Quruqsoy manzili

Foto: Kommersant.uz

Quruqsoy ham tog‘li manzil bo‘lib, Qashqadaryo viloyatida, Jizmonsoy qishlog‘i yaqinida joylashgan. Bu yerda tosh asriga tegishli ibodatxona mavjud bo‘lib, uni mahalliy aholi Siypantosh deb atashadi. Siypantoshning silliq yuzasi va yon-atrofdagi toshlarga yovvoyi otlar, kulonlar, bo‘ri, tulki va tuyalarning surati tushirilgan. Ov manzaralari keyingi davrlarga tegishli ekanini ta'kidlash joiz. 

13. Buxoro amiri saroyi

Foto:  images.esosedi.ru

Saroy qurilishi Buxoro amiri Said Abdulahadxon buyrug‘i asosida Buxoro shahridan 12 km sharqdagi Kogon shahrida 1895 yilda boshlangan. Uni o‘sha vaqtdagi mashhur rossiyalik arxitektor Aleksey Benua loyihalashtirgan. Qasr Mavritaniya uslubida barokko, ampir va arab usullari uyg‘unlashgan holda barpo qilingan. Keyinchalik, Amir Olimxon Buxoroga kelgan yuqori lavozimli mehmonlar uchun qarorgoh sifatida foydalangan. Bugungi kunda bu yerda Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi faoliyat yuritadi 

14. Quva shahri

Foto: Meros.uz

Quva shahri tarixi eramizdan avvalgi 4-3 asrlarga borib taqaladi. Arxeologik topilmalar fikrimiz dalilidir. Quva Farg‘ona viloyat markazidan 20 km masofada joylashgan. Qachonlardir bu yerda hunarmandlarning yirik savdo qo‘rg‘oni bo‘lgan. 

15. O‘rung‘och ko‘li

Foto: Facebook/@mysteriouzb

Tog‘ning baland tizmalarida joylashgan kichik O‘rung‘och ko‘li O‘zbekistonning Ugom-Chotqol milliy parki hududida Toshkentdan 150 km uzoqlikda joylashgan. Yuqori O‘rung‘och ko‘li yanada balandroqda bo‘lib, unga 4 km piyoda yo‘l yurish kerak bo‘ladi. U kichik ko‘ldan farqli ravishda hech qachon qurimaydi. Yuqori ko‘l tiniq moviy tusda bo‘lib, hajmi bo‘yicha kichigidan ikki karra yirikdir. U dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan. 

16. Mizdoxkon qabristoni

Foto: Centralasia-treavel.com

Mizdoxkon (er.av.IV asr — er.XIV asri, XVII — XX asrlari) Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli shahridan 3-4 km janubda joylashgan. U Markaziy Osiyodagi eng qadimgi qabristonlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, shaharga Oltin o‘rda hukmronligi vaqtida asos solingan.

17. Quyosh fizikasi Instituti

Foto: Pixland/Pavel Kim

Quyosh fizikasi Instituti Toshkent viloyati Parkent tumani «Quyosh» qo‘rg‘onida joylashgan. Majmua ekologik toza hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda quyoshli kunlar 280 kunni tashkil etadi. Bunday inshoot dunyoda ikkita bo‘lib, yana biri Fransiyada joylashgan. 

Quyosh laboratoriya 3ta inshootdan iborat: quyosh energiyasi konsentratori (10 700 oynadan iborat), geliostatlar majmui (62ta boshqariluvchi, 195ta kichik, umumiy hisobda 12 090ta oyna), texnologik minoradan iborat. 

Avvallari bu bino harbiy maqomga ega edi. Bu yerda kosmik qurilmalarning sirtqi qoplamalari va harbiy texnikalar sinovdan o‘tkazilgan. Bugungi kunda Institutda nazariy va tajribaviy tadqiqotlar o‘tkaziladi. Quyosh uzra ko‘p maqsadli kuzatuvlar olib boriladi. Institutda, shuningdek, tibbiyot, neftgaz va to‘qimachilik sanoati uchun ishlanmalar amalga oshiriladi. 

18. Poyi Kalon ansambli

Foto: Paganel.tv

Ajoyib va ulug‘vor Poyi Kalon ansambli qurilishi 12-16 asrlarda olib borilgan bo‘lib, Registon Samarqand uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lsa, u Buxoro uchun shunday ahamiyatlidir. Maydonda yuksak Minorai Kalon bor. Uning yuqorisidan shahar go‘zalligidan bahra olish mumkin. U Buxoroning qadimgi minoralaridan biri bo‘lib, balandligi 47 metrni tashkil etadi. Uning yonida mashhur Mir-Arab madrasasi, Kalon masjidi va Amir Olimxon madrasasi barpo etilgan. Bu ansamblni ko‘rmagan kishi Buxoroga kelganini iddao etmasa ham bo‘ladi. Albatta, Minorai Kalonni shaharning turli burchagidan ko‘rmaslikning iloji yo‘q. 

19. Ichanqala qal'asi

Foto: Paganel.tv

Ichanqala Xivadagi eng qadimgi qal'a hisoblanadi. Uning maydoni 1 kv.km.ni tashkil etadi. Bugungi kunda ochiq osmon ostidagi muzeyda 300ga yaqin oila istiqomat qiladi. Ichanqala Markaziy Osiyoning Jahon merosi ro‘yxatiga birinchi kiritilgan yodgorligidir. Shahar 10 metr balandlikkacha barpo qilingan tishli devorlar va mudofaa minoralari bilan qurshab olingan. Bizning kungacha 4ta minoradan uchtasi hamda 400ga yaqin an'anaviy uylar va xo‘jalik binolari saqlanib qolgan. 60dan ortiq  arxitektura yodgorliklarini ham ko‘rish mumkin. Ular orasida Qo‘hna Ark, Tash Hovli saroyi majmuasi, Kalta-Minor, mashhur 213ta ustunli Juma masjid, Said Ollouddin maqbarasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi, gumbazlar bilan yopilgan ulkan bozor, Xivaning timsoli bo‘lib qolgan Islomxo‘ja minorasi shular jumlasidan. Aytish mumkinki, Xivaga kelgan sayyoh o‘zini o‘rta asrlarga tushib qolgandek his qilishi shubhasiz. 

Manba: Kommersant.uz

Top