10:29 / 20.05.2017
60532

Angrenda to‘yiga bir hafta qolgan juftlik avtomobilda daryoga cho‘kib ketdi

To‘yi arafasida avtomobilda daryoga cho‘kib ketgan qiz va yigitning jasadini topish uchun qutqaruvchilarga ikki kun kerak bo‘ldi. Fojia 12 may kuni Angren daryosi qirg‘og‘ida ro‘y bergan. 

O‘z nomini oshkor qilishni istamagan FVV xodimining so‘zlariga ko‘ra, yigit boshqarib kelayotgan mashina Angren suv havzasi yaqiniga kelganda suvning shiddatli oqimi uni o‘z girdobiga tortib ketgan. 

Avtomobil cho‘ka boshlaganida yigit mobil telefonidan do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, avtomobilni suvdan olib chiqish uchun evakuator chaqirishni so‘rashga ulgurgan. U avtomobil qulagan joy nomini aytishi bilanoq aloqa uzilgan. 

Do‘stining so‘zlariga ko‘ra, evakuatorni olib kelganida mashina cho‘kib bo‘lgan. Shundan so‘ng bu joyga FVV xodimlari yetib kelishgan. G‘avvoslar ikki kun davomida mashinani izlashgan, lekin topa olishmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, 23 yoshli yigit va 20 yoshli qiz unashtirilgan, bir haftadan keyin to‘ylari bo‘lishi kerak bo‘lgan.

Yoshlarning jasadi ikki kundan keyin Angren daryosi tubidan topilgan. Jasadlar Spark avtomobili ichida bo‘lgan. FVV xodimiga ko‘ra, yigitning bir oyog‘i gaz pedaliga yopishib qolgan holda topilgan.

Hozirda Angren prokuraturasi mazkur voqea yuzasidan tergov ishi olib bormoqda.

Prokuratura xodimining dastlabki taxminlariga ko‘ra, fojia haydovchining daryo qirg‘og‘iga haddan ziyod yaqin kelgani natijasida ro‘y bergan. Aslida avtomobilda bu yerga o‘tishning o‘zi mumkin bo‘lmagan. 

Yigit va qiz seshanba kuni Angren shahrida yonma-yon dafn qilingan. Yigitning do‘stlaridan biri aytishicha, jasadlarni qabristonga olib ketilayotganda "Yor-yor" kuylangan.

 

Top