21:21 / 21.05.2017
70609

Hayotga tashnalik aks etgan suratlar

Insoniyat tabiatni faol o‘ziga bo‘ysundirmoqda, biroq buning nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida har doim ham o‘ylamaydi. Xalqaro suv resurslari va atrof-muhit boshqaruvi instituti jamoatchilik e'tiborini ekologiya muammolariga qaratish uchun nufuzli fototanlov o‘tkazadi.

Institut xodimlari o‘ninchi yubiley tanlovga hakamlikka mashhur aktyor Stiven Fray va «Halokatli hayvonlar» teleko‘rsatuvi yulduzi Stiv Bekshalni taklif qilishdi. «Lenta.ru» g‘alabaga da'vogarlik qilayotgan suratlar bilan bo‘lishdi.

«O‘z dunyosida baxtli»

Foto: Abhijit Nandi / CIWEN

Hindiston, 2008 yil

Ayol mashaqqatli ish kunidan keyin farzandi bilan sholi dalasidan qaytmoqda. Surat qahramoni uni suratga olishmoqchi ekaniga ishongisi kelmagan va bunga javoban kulib qo‘ygan.

«Nurlar parvozi»

Foto: Florian Schulz / CIWEN

Kaliforniya, 2010 yil

Surat muallifi Florian Shultsning aytishicha, Kaliforniya qirg‘oqlari uzra parvoz qilib yurganida to‘q rangli ulkan dog‘ga ko‘zi tushgan - keyin bilsa, u skatlar galasi ekan. Mahalliy aholi nima uchun ular bir yo‘nalishda sinxron suzishini izohlay olmadi.

"Men dunyo okeanida biz hali o‘rganishimiz kerak bo‘lgan sirlar ko‘pligini tushundim. Umid qilamanki, vaqt o‘tgach uni qanday qutqarish mumkinligini anglash uchun yetarli darajada o‘rganamiz".

«Shafqatsiz dunyo»

Foto: Sudipto Das / CIWEN

Hindiston, 2007 yil

Surat muallifi Sudipto Dasaning so‘zlariga ko‘ra, tasvir uchinchi dunyo mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati - uy-joyning yo‘qligi, gigiyena muammolari, kasallik xavfi va himoyasiz bolalarga nisbatan zo‘ravonlik muammolarini aks ettiradi. Xuddi bu bolakay kabi...

«Yulduzlar haqida gap ketganda»

Foto: Vitali Nicolai Bolucevschi / CIWEN

Moldava, 2009 yil

Bir kuni surat muallifi chumolilarni muhrlamoqchi bo‘ldi, lekin hasharotlar juda tez yugurardi.

Chumolilar guruhi birin-ketin momaqaymoqqa chiqa boshladi. Har biri guldan bittadan urug‘ uzib ketardi, keyin esa shiddat bilan xuddi parashyutdagi kabi yerga sho‘ng‘ib ketardi. Suratkash bu jarayonni muhrlashning uddasidan chiqa olmadi, biroq u guruhning so‘nggi chumolilari cho‘qqida turganida fotoapparat tugmasini bosishga ulgurdi.

«Hayot izlab»

Foto: Mohammad Fahim Ahamed Riyad / CIWEN

Bangladesh, 2014 yil

O‘t o‘chiruvchi Dakkadagi yong‘indan keyin vayronalar orasidan omon qolganlarni izlamoqda. Olov 400 dan ortiq uylarni yo‘q qilgan, to‘rt kishi, shu jumladan 6 yoshli bir bola halok bo‘lgan. Mamlakat hukumati qurbonlar haqida rasman ma'lumot bermadi, yong‘in sabablari hanuz noma'lum.

«Boshpanasiz qolganlar»

Foto: Chan Kwok Hung / CIWEN

Nepal, 2011 yil

Hongkonglik suratkash Chan Kvok Xun bu suratni Katmandu shahrida olgan. Bolalar buvisi bilan yashaydilar, har kuni sotishga yoki yegulikka almashtirishga arzigulik biror nima topish ilinjida qo‘shni chiqindixonani titishadi. Agar uyga quruq qo‘l bilan qaytishsa, ularni ayovsiz savalashadi. Suratkash bir pachka pechene va biroz pul berib, ularga yordam qo‘lini cho‘zgan kam sonli kishilardan biri bo‘ldi.

«Chang-to‘zonga qorishib ketdi»

Foto: Michele Palazzi / CIWEN

Mo‘g‘uliston, 2012 yil

Italiyalik Mishel Palatstsi Gobi cho‘lida qum bo‘rondan himoya izlayotgan aka va singilni obektivga muhrladi.

«Tarvuzlarga suv»

Foto: Uttam Kamati / CIWEN

Hindiston, 2015 yil

Uttam Kamati G‘arbiy Bengaliya shtatida qo‘lbola suv quvuri va Tista daryosi suvi yordamida tarvuz hosilini qutqarishga harakat qilayotgan oilaviy juftlikni muhrladi.

«Yovvoyi tabiatdagi yong‘in»

Foto: Sara Lindström / CIWEN

Kanada, 2016 yil

Kanadalik Sara Lindstryom Janubiy Afrikadagi o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida 50 mamlakatni aylanib chiqdi, lekin eng yaxshi rasmlardan birini o‘z vatanida oldi.

"Iyulning mislsiz jazirama kunlarida Albertning provinsiyasida katta-katta tutunlarga duch keldim. Ular osmon qadar ko‘tarilayotgan edi, gulxanlar esa qovjiragan yerni kuydirayotgandi. Men dahshatga tushdim", - deya xotirlaydi qiz.

Top