22:31 / 21.05.2017
17786

Boku-2017. Turnir yakuni arafasida yana ikki medal qo‘lga kiritildi

Bugun 21 may kuni Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV «Islom birdamligi sport o‘yinlari»ning o‘ninchi kungi musobaqalari davom etdi.

Bugungi musobaqalar dasturida O‘zbekiston termasi tarkibida faqat tennischilar medallar uchun bahslarga kirishishdi. 4 nafar tennischi terma jamoaga 2ta kumush medal keltirdi.

Avvaliga Sabina Sharipova yakkalik musobaqasining yarim finalida Turkiya vakili Berfu Chengizga qarshi kortga chiqdi va 4:6, 6:7 hisoblarida mag‘lub bo‘ldi. 

Kunning ikkinchi yarmida juftlik bahslarida final uchrashuvlari o‘tkazildi. Sabina Sharipova va Polina Merenkova juftligi Aksu Ayla va Berfu Chengizdan iborat turkiyalik tennischilar juftligiga 3:6 va 5:7 hisoblarida yutqazdi. Natijada bu juftlik kumush medal bilan taqdirlanadigan bo‘ldi.

Amal Sultonbekov va Saida'lo Saidkarimovdan iborat erkaklar juftligi ham finalda yutqazdi. O‘zbekiston vakillari Ilxan Agabigun va Altuq Chelikbilekdan iborat turkiyalik tennischilarga 2:6, 2:6 hisoblarida imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalanishdi.

Ayni damga kelib, O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 62taga yetgan (15ta oltin, 17ta kumush va 30ta bronza). O‘zbekiston 57 davlat orasida to‘rtinchi o‘rinda joylashgan.

22 may kuni turnirning oxirgi bahslari va yopilish marosimi o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top