17:02 / 21.05.2017
33774

Video: MMA jangchisi Habib Nurmagomedov o‘zbekistonlik muxlislari bilan uchrashdi

21 may kuni Toshkent shahriga rossiyalik aralash jang san'ati (MMA) jangchisi Habib Nurmagomedov va uning do‘stlari: Zubayr Tuxugov, Islam Maxachev, Abubakr Nurmagomedov va Islam Mamedovlar (bular ham jangchi) tashrif buyurdi va ular ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Mazkur matbuot anjumani UZREPORT TV orqali jonli tarzda efirga uzatildi. 

Matbuot anjumanini sport sharhlovchisi Davron Fayziyev olib bordi. Habib Nurmagomedovga qiziqarli savollar berildi va huddi shunday qiziqarli javoblar olindi.

Savollardan biri uning sog‘lig‘i va mashg‘ulotlarni qachon boshlashi haqida bo‘ldi. “Ayni damda men hech qanday mashg‘ulotlar olib bormayapman. Chunki menga hordiq kerak, buning ustiga salomatligimni ham tiklab olishim zarur. 1 iyundan jamoaviy mashg‘ulotlar boshlanadi va biz toqqa chiqib ketamiz. Ammo Ramazon oyi munosabati bilan mashg‘ulotlar vaqtiga o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Iftorga ikki soat qolganda mashg‘ulotlarni boshlaymiz, huddi shunday saxarlikka ikki soat qolganida ham mashqlarni o‘tkazamiz. Ramazondan keyin esa yuz foiz mashg‘ulotlarga qaytaman”.

Aynan kim bilan ringga ko‘tarilishni istayotgani haqida berilgan savolga Nurmagomedov shunday javob qaytardi: “Aralash jang san'atida yengil vazn toifasida urushadigan jangchilar ko‘p. Lekin men Toni Fergyusson bilan ringga ko‘tarilishni istar edim. Hozircha jang qilgani bu vazn toifasida birorta raqib ko‘rmayapman”.

Sportchiga psixolog kerakmi? Bu savolga Habib Nurmagomedov quyidagicha javob berdi: “Psixologiya har bir sportchiga kerak bo‘ladigan narsa. Ruhiy barqarorlik bo‘lmasa, bu sportchi uchun, ayniqsa, bizning sport turida juda ko‘p qiyinchiliklar tug‘diradi. Menimcha, sportchining o‘zi avvalambor ruhan sog‘lom bo‘lishi kerak. UFC jangchilarining aksarida shaxsiy psixolog bor, ammo menda u yo‘q. Chunki yonimda aka-ukalarim, qadrdon do‘stlarim bor. Hayotda menga eng katta ruhiy daldani otam beradilar. Chunki u kishi menga ham ota, ham do‘st, ham murabbiyimdir. Mening psixologik tushuncham shundan iborat: Yaratganning taqdiriga bo‘yso‘nish. Uning irodasidan o‘zga narsa bo‘lmaydi. Qandaydir ish boshlasam unga tavakkal qilaman, agar o‘sha ish o‘xshamasa, “alhamdulillah” deb qo‘ya qolaman”.

U suhbat davomida yosh sportchilar uchun eng zarur bo‘lgan uchta jihatni sanab o‘tdi. 1. Murabbiyga doimiy ravishda quloq solish. 2. Tinimsiz mashg‘ulotlar o‘tkazish. 3. Sabrli bo‘lish.

Habib Nurmagomedov Meyvezer va MakGregor o‘rtasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan jang xususida to‘xtalar ekan shunday dedi: “Menimcha, bu ikki sportchi o‘rtasidagi jang yil yakunida, dekabr oyida bo‘lib o‘tsa kerak. Lekin hayron qolarli tarafi shundaki, boks sirlaridan bexabar kishi, ming u jangchi bo‘lgan taqdirda ham, sayyoraning eng kuchli bokschisiga qarshi ringga chiqishi juda hayratlanarli. Katta mablag‘ aylangan joyda sport tugab, siyosat, biznes boshlanadi. Bu mening fikrim”.

Matbuot anjumanida, shuningdek, boshqa jangchilarga ham savollar berildi va javob olindi. Ushbu matbuot anjumani hazillarga, kutilmagan holatlarga boy bo‘ldi. Masalan, Habib Nurmagomedov do‘sti Zubayr Tuxugovning rus tilida yaxshi gapira olmasligi aytib hazil qildi. Tashrif buyurganlar orasida ushbu jangchilarning ashaddiy muxlisi ular bilan chiqib ko‘rishdi va ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi. Habib Nurmagomedovning shaxsan o‘zi unga o‘z futbolkalaridan birini hadya etdi.

Toshkentga mehmon bo‘lib turgan jangchilar O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarida bo‘lishlari, Samarqand, Buxoro va Xivaga tashrif buyurishlari kutilmoqda.

Mavzuga oid
Top