19:10 / 22.05.2017
29932

Insonlar o‘limiga eng ko‘p sabab bo‘luvchi kasallik qaysi?

Foto: arnapress.kz

Ekspertlar o‘lim sabablariga doir jahon statistikasi tahlili natijalari bilan bo‘lishishdi. "Ortodoks" tibbiy portali shu haqida xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, jahon ahlining uchdan bir qismi o‘limiga yurak-qon tomir kasalliklari sabab bo‘lar ekan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, yuqori daromadga ega mamlakatlarda yurak-qon tomir kasalliklari natijasida hayotdan ko‘z yumuvchilar soni kamayishi to‘xtagan, kam daromadli mamlakatlarda esa ko‘rsatkichlar yuqoriligicha qolmoqda. 

Tibbiyot xodimlari kuzatuvlariga ko‘ra, 1990-2015 yillarda yurak-qon tomir kasalliklaridan halok bo‘luvchilarning eng yuqori ko‘rsatkichlari Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Janubiy Amerika, Okeaniya va Tropik Afrika mamlakatlarida qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich - Yaponiya, Andorra, Peru, Fransiya, Isroil va Ispaniyada. 

2015 yilda dunyo miqyosida 400 milliondan ziyod kishida yurak-qon tomir kasalliklari qayd etilgan bo‘lsa, shulardan 18 millioni hayotdan ko‘z yumgan. 1990-2010 yillarda yuqori daromadli mamlakatlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshishi tufayli o‘lim ko‘rsatkichi sezilarli darajada kamaygan. Biroq keyinroq ko‘rsatkichlarning yaxshilanish sur'ati sekinlashgan. 

Shifokorlar yodga solishmoqda: yuqori qon bosimi, to‘g‘ri ovqatlanmaslik, xolesterinning yuqori darajada bo‘lishi, chekish, spirtli ichimliklar iste'moli va semizlik yurak-qon tomir kasalliklari xavfli omillari hisoblanadi. 

Top