00:53 / 22.05.2017
7210

Suriyaning Xoms shahri jangarilardan to‘liq ozod etildi

Suriyaning Xoms viloyati markazi shimolidagi Al-Vayer shaharchasini hududiy yarashuv kelishuvi doirasida jangarilarning oxirgi guruhi tark etdi, deb xabar bermoqda SANA axborot agentligi. 

Shu tariqa, shahar to‘liq Suriya armiyasi nazoratiga o‘tdi. Jangarilarni olib ketayotgan oxirgi avtobuslar karvoni Jarablus tomon yo‘l olgan.

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 989 kishi, jumladan 308 jangari avtobuslarda Jarablusga yuborilgan. Yana 463 kishi, jumladan 151 jangari Idlibga yuborilgan.  

Suriya politsiyasi zobitining aytishicha, endi shaharda faqat o‘z uylarini tark etishni istamagan tinch aholi qolgan.

"Mavzega sapyorlar kirgandan keyin OAV vakillariga oxirgi ozod qilingan mavzeni ko‘rishlari uchun ruxsat berish haqidagi qaror qabul qilinadi", deb aytdi u.

Suriya hukumat qo‘shinlari vakillarining ta'kidlashicha, jangarilar shahardan chiqib ketishi bilanoq shaharning shimoliy hududlarida mavzelarni ozod qilish bo‘yicha operatsiyalar boshlandi. Harbiylarning fikricha, jangarilar o‘z ortlaridan Halabdagi kabi ko‘plab minalashtirilgan obektlar qoldirishi mumkin.

Evakuatsiyaning 11-bosqichida 2,5 mingdan ko‘proq kishi, jumladan 700 jangari shahardan chiqib ketgan. Evakuatsiya  hech qanday talofatlarsiz o‘tgan. Evakuatsiyaning avvalgi 10 bosqichida Al-Vaer shahrini 17 ming kishi, jumladan 3,69 mingdan ko‘proq jangari tark etgan.

Top