15:01 / 23.05.2017
7990

Amerikalik bokschi Briggsdan doping chiqdi

Amerikalik og‘ir vaznli bokschi Shennon Briggs doping testidan o‘ta olmadi. Uning doping namunasi ijobiy natija bergan. Bu haqda Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) saytida xabar qilingan.

2006-2007 yillarda Butunjahon boks tashkiloti (WBO) tasnifi bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan 45 yoshli bokschining tahlillarida testosteronning yuqori darajasi qayd etilgan. Tahlil WBA Fair Boxing dasturi doirasida Dopingga ko‘ngilli ravishda test topshirish assotsiatsiyasi (VADA) tomonidan aniqlangan.

Shu yilning yanvar oyida tashkilot WBA tasnifi doirasida «doimiy» chempionlik unvoni uchun Briggs va puertorikalik Fres Okendo o‘rtasidagi bahsga ruxsat bergan edi. U 3 iyunda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Ushbu jang g‘olibi rossiyalik Aleksandr Ustinovga qarshi unvonini himoya qilishi kerak edi.

Rossiyalik bokschi promouteri Vladimir Xryunovning «R-Sport» nashriga xabar qilishicha, Ustinov jamoasi Okendo bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. Ushbu bokschilar o‘rtasidagi jang 8 iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tadi. 

Mavzuga oid
Top