12:06 / 23.05.2017
12117

«Chelsi» chempionlik uchun rekord miqdorda mukofot puli oldi

Foto: EPA

Londonning "Chelsi" klubi Angliya Premer-ligasining 2016/17 yillardagi mavsum yakunlari bo‘yicha rekord miqdorda mukofot puli oldi. Uning miqdori 152,8 mln funt sterlingni tashkil qildi. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda

"Chelsi" joriy mavsumda Angliya chempioni bo‘ldi va bu unvonni tarixida 6-marotaba qo‘lga kiritdi. Angliya Premer-ligasining har bir jamoasi telekompaniyalardan kafolatlangan 84,4 mln funt sterling miqdorida mukofot puli oldi. Bundan tashqari, bu qiymatga musobaqa jadvalida egallangan o‘rin uchun mukofot pullari va televizion namoyishlardan olingan daromaddan foizlar qo‘shiladi. "Chelsi" 1-o‘rin egallagani uchun 38 mln, namoyishlardan olingan daromaddan foiz sifatida 30,4 mln funt sterling qo‘shimcha olgan. 

Mukofot puli miqdori bo‘yicha keyingi o‘rinlarni "Manchester Siti" (149 mln funt sterling), "Tottenhem" va "Liverpul" (har biri 148,1 mln funt sterlingdan), "Manchester Yunayted" (143,3 mln funt sterling) va "Arsenal" (142,4 mln funt sterling) oldi. 20-o‘rinda Premer-ligani tark etgan "Sanderlend" turibdi, uning daromadi 99,9 mln funt sterlingni tashkil qilgan.  

"Chelsi" Premer-liga rahbariyatining telehuquqlarni sotish bo‘yicha oxirgi bitimidan rekord foyda olgan birinchi klub bo‘ldi. Bitimning qiymati esa 8 mlrd funt sterlingdan ko‘proqni tashkil qilgan. O‘tgan mavsumda chempion bo‘lgan "Lester" yakuniy hisobda 93 mln funt sterling, 10-o‘rinni egallagan "Chelsi" esa 87,3 mln funt sterling foyda olgandi.

Top