08:26 / 23.05.2017
5858

Italiya 26 yildan keyin Iroqqa ikkita harbiy kemasini topshirdi

Foto: e-news.su

22 may kuni Iroqqa tegishli ikkita korvet 26 yil o‘tib Italiyaning Spetsiya shahri portida majburan qolib ketgandan keyin Iroqqa topshirilmoqda. Kemalar bilan birga uning bortida xizmat o‘tagan o‘nlab dengizchilar ham vatanlariga qaytmoqdalar.

Italiyaning Fincantieri verfida ushbu kemalarning qurilishiga Saddam Husaynning o‘zi buyurtma bergan, biroq ular Iroq 1990 yilda Kuvaytga bostirib kirgandan keyin unga BMT tomondan qurol-aslaha embargosi solingandan keyin Iroqqa yetkazib berilmagandi.

Italiyaning Il Secolo XIX nashrining ma'lum qilishicha, Husayn tuzumi qulagandan keyin xalqaro sanksiyalarning bekor qilinishi kemalarning Iroqqa qaytarilishi imkonini berdi. Bu ikki korvet tarixi bilan 26 yil davomida kemada xizmat o‘tagan va uning holatini ko‘zdan kechirib yurgan iroqlik dengizchilarning odisseyasi ham o‘z poyoniga yetadi. 

Kemadagi harbiylar qanchalik tez almashtirib turilgani noma'lum, biroq oxirgi jamoa unga bir necha oy avval kelgan.

"90-yillar boshida har bir kemada 50 nafardan dengizchi bo‘lgan, biroq vaqt o‘tishi bilan ularning soni qisqarib borgan. Korvetlarni kuzatishga qolgan va ularga texnik xizmat ko‘rsatgan harbiylar alohida cheklovlarga uchramaganlar va yashash uchun ruxsatga ega bo‘lganlar", deb aytildi xabarda.

O‘tmishning buyuk arab sarkardalari sharafiga "Tariq ibn Ziyod" va "Muso ibn Nusayr" deb atalgan korvetlar hozirda abgor holatda bo‘lib, ularga Iroqdagi Umm-Qasr portiga uzoq yo‘lida Norvegiyaning suzuvchi doki hamrohlik qiladi.

Top