09:02 / 23.05.2017
3704

Toshkentda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik muhokama qilindi

Joriy yilning 22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi parlamentlararo hamkorlik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, Yevropa parlamenti deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbati davomida kelgusida Oliy Majlis va Yevroparlament o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, taraqqiyotga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha “O‘zbekiston – YeI” hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda ishtirokchilarga O‘zbekistonda demokratik davlat qurish borasida amalga oshirilayotgan maqsadli islohotlar haqida keng ma'lumotlar berildi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi taqdimoti o‘tkazildi.

Yevropa parlamenti a'zolari O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalariga ijobiy baho berdilar. Ular o‘z chiqishlarida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish sohalaridagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tdilar. 

Yig‘ilish natijalari bo‘yicha istiqbolda parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatida o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, xalqaro tadbirlarni hamkorlikda o‘tkazish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

Top