01:47 / 23.05.2017
13305

Turkiyaning AQShdagi elchisi: Vashington terrorchilarning sherigiga aylandi

Foto: AP

Turkiyaning AQShdagi elchisi Sardor Qilich Vashingtonning kurdlarga qurol-yarog‘ yetkazib berishi haqidagi qaroridan so‘ng Amerikani «terrorchilik tashkiloti» bilan sherikchilik aloqalari o‘rnatganlikda aybladi. Bu qaror «strategik xato» ekanligini ta'kidladi Turkiya elchisi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, amerikalik hamkorlar buni «taktik qaror» yoki «qisqa muddatli aksiya» deb atashmoqda.

«Lekin, ochig‘ini tan olish kerak, bu strategik xato», — dedi u amerika-turk munosabatlariga bag‘ishlangan yillik anjumanda chiqish qilar ekan.

«AQSh Raqqadagi operatsiyalarda xuddi Yer yuzida boshqa biror muqobil topa olmagandek, YPG (Suriya kurdlari) kuchlaridan foydalanib, operatsiya o‘tkazayotganligini tushuna olmayapman. Axir Turkiya bor-ku?! IShIDga qarshi muvaffaqiyatli operatsiyalar o‘tkazayotgan Ozod Suriya armiyasi ham bor», — dedi elchi anjumanda.

«Siz bir terrorchilik tashkilotiga qarshi kurashish uchun boshqa bir terrorchilik tashkilotining xizmatidan foydalanmasligingiz kerak. Ayniqsa, siz sherikchilik qila boshlagan bu terrorchilik tashkiloti xavfsizlik va barqarorlikka doimiy tahdid solishini Turkiyadek hamkoringiz aytib turganda», — deya qo‘shimcha qildi diplomat. 

Anqara vakili «Agar Turkiya «An-Nusra» bilan birgalikda operatsiyalar o‘tkazib, ularga qurol-yarog‘ yetkazib bera boshlaganida» Vashingtondagilar o‘zlarini qanday his qilishardi?» deb o‘rtaga savol tashlagan.

«AQSh va Turkiya hamkorligi — bu tanlov masalasi emas, zaruriyat masalasidir. Turkiya mintaqada faoliyat ko‘rsatib turgan kam sonli demokratiyalardan biri sanaladi. Mintaqamizdagi biror bir davlat shu paytgacha erkinlik, demokratiya, inson huquqlari, bozor iqtisodiyoti va qonun ustuvorligi kabi universal qadriyatlarga Turkiya singari rioya qilmaydi va unga muvaffaqiyatli moslasha olmagan. Bu Turkiyani AQShning boshqa sheriklari va ittifoqchilaridan ajratib turuvchi jihatdir», — deya ishonch bilan gapirdi turk diplomati.

Qilich shu vaqtgacha «Turkiya Ozod Suriya armiyasi kuchlari bilan birgalikda IShIDning uch mingdan ziyod jangarisini yo‘q qilgani»ni, «60 mingdan ziyod suriyalik qochqinlar IShIDdan ozod etilgan hududlardagi o‘z uylariga qaytib borishgani»ni eslatib o‘tdi.

AQSh prezidenti Donald Trampning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan muzokaralari o‘tgan haftada, Amerika tomonining IShIDga qarshi kurashayotgan Suriya kurdlariga qurol-yarog‘ yetkazib berishi qarori ortidan ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar keskinlashgani fonida Vashingtonda bo‘lib o‘tdi. Turkiyaning rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, Turkiyada taqiqlangan, ham Anqara, ham Vashington tomonidan terrorchilik tashkiloti deb yuritiladigan Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) bilan Suriyadagi kurdlar aloqada, deb hisoblanadi.

Top