13:13 / 23.05.2017
6108

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Rostov va Krasnodar hududlarida bo‘ldi

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik

O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yil 14-19 may kunlari Rossiyaning Rostov viloyati va Krasnodar o‘lkasida bo‘lishdi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Delegatsiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha agentlik va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vakillari kirgan. 

14 may kuni «Mehnat migratsiyasi sohasida o‘zbek-rus hamkorligining asosiy yo‘nalishlari» mavzusida o‘tkazilgan taqdimot marosimida Rostov viloyatidagi yetakchi kompaniyalar vakillari, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi yirik ish beruvchilar, sug‘urta kompaniyalari va mehnat agentliklari rahbarlari qatnashgan. 

15 may kuni delegatsiya joylardagi migratsiya bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish maqsadida xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash maxsus idorasiga borib, Rossiya IIV migratsiya masalalari bo‘yicha mintaqaviy bo‘limlari rahbarlari bilan uchrashgan. 

Shu kuni Agentlik va elchixona vakillari Don davlat texnika universitetiga tashrif buyurib, Rostov viloyatidagi OO‘Yuda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan suhbat o‘tkazishdi. 

16 mayda «Don plaza» kongress-mehmonxonasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Rostov viloyati ma'muriyati vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda, Rossiya tashqi ishlar vazirligi, iqtisodiy taraqqiyot vazirligi, bandlik davlat xizmati boshqarmasi, Mehnat va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi mehnat bo‘yicha boshqarmasi hamda Don quruvchilar assotsiatsiyasi vakillari ham qatnashishdi. Bundan tashqari,  Agentlik va elchixona vakillarining Rossiya IIV Rostov viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bilan uchrashuvi tashkil etildi. 

Delegatsiyaning «Rostov porti» davlat kompaniyasiga tashrifi chog‘ida esa, kompaniya direktorlar kengashi raisi O.I.Grizlov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. «Rostov porti» qishloq xo‘jaligi, baliqchilik sanoati, yengil sanoat, qurilish, savdo, sayyohlik kabi  40dan ortiq faoliyat bilan shug‘ullanadi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Agentlik, «Rostov porti» davlat kompaniyasi hamda Bandlik va xorijiy mehnat resurslari Markazi o‘rtasida uch tomonlama Protokol imzolandi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi 17-19 may kunlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasiga tashrif buyurdi. 17 may kuni delegatsiya a'zolari Krasnodar o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari Sergey Altuxov bilan uchrashuv o‘tkazishgan. 

Unda qonuniy mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanuvchi idoralararo hamkorlik qilish hamda Krasnodar o‘lkasida O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy ishga joylashtirish masalalari muhokama qilingan. 

Bundan tashqari, Krasnodar o‘lkasi «Karera» davlat unitar korxonasi direktori Olga Popova bilan uchrashuv tashkil etildi. Ko‘p funksiyali migratsiya markaziga tashrif buyurildi. Muloqotlarda Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida mehnat faoliyatini yuritish uchun kelgan o‘zbekistonliklarga amaliy ko‘mak berish masalalari muhokama qilindi. 

Top