11:36 / 23.05.2017
22011

Uzluksiz teraktlar: Terrorchi qahramonmi?

Foto: TSN

Manchester shahridagi stadionda portlash sodir etish orqali terrorchilar yana bir bor o‘zlarining manfur qiyofalarini namoyon qilishdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra 22 kishi halok bo‘ldi, 59 kishi shifoxonaga yotqizilgan.

Shu kuni Rossiya va Yevropaning 24 soat davomida yangiliklar uzatuvchi kanallarini ikki soatdan ortiq kuzatdim. Har ikkisida ham deyarli bir xil manzara: qon, sarosima, vayron bo‘lgan inshootlar, oldingi teraktlar statistikasi, terrorchilarning butun ekranni egallagan suratlari...   

Jarayon shunday davom etaverishiga ko‘zim yetib televizorni o‘chirdim. Bir narsa aniq: agar axborot uzatish ayni shu shaklda davom etsa – ya'ni terakt bo‘lishi bilan yangiliklar kanallarini va umuman OAVni shu mavzu butkul egallab olsa, bu jarayon qancha davom etsa o‘sha terrorchilar va ularning homiylari shuncha bayram qilishlari aniq. Chunki birgina portlashni ular bajarishyapti, keyingi maqsadlarga hech bir qiyinchiliksiz o‘z-o‘zidan erishishyapti. Axir terrordan maqsad faqatgina bir necha insonning hayotiga nuqta qo‘yish emas (umuman olganda bu maqsad qo‘yilmaydi ham, chunki nobud bo‘lganlarning kimligining ularga zarracha qizig‘i yo‘q), aksincha, aynan dunyoga tarqaluvchi vahima, insonlar ongidagi sarosima, “shahid” deya ataluvchi kamikadzelarning har qadamda ekanligini anglatish ekanligi kunday ayon-ku. Aynan OAV, ayniqsa xorij televideniyesi ularga o‘zlari bilmagan holda shu qadar yordam berib yuborishadiki, agar boshqa bir kampaniyaning piar mahsulotini yoritish kerak bo‘lsa va katta pul to‘lansa ham bu qadar natijalarga erishish qiyin.

Albatta, axborotni yashirish yolg‘on axborot tug‘ilishiga zamin yaratadi. Bu telekanallarning maqsadi ham g‘arazli emas: bor ma'lumot boricha berilmoqda, hech narsa yashirilgani, o‘zgartirilgani yo‘q. Ammo bir aqli pastning (ularni raso deb bo‘lmaydi) qo‘lida avtomat tutib begunoh insonlarni shunchaki otib tashlayotgani, yuk mashinasida yuzlab odamlarni ezg‘ilab ketayotgani, yuziga qora niqob taqib, bir bechoraning bo‘g‘ziga pichoq tortayotgani yoki beliga bomba boylab o‘zini olomon orasiga urayotgani tasvirlangan lavhalarni bot-bot qaytarib ko‘rsataverishda ma'ni bormi?

O‘sha terrorchining surati ekranga katta qilib chiqarilib, ta'rifi keltirilishidan maqsad nima?

Aynan mana shu jarayonlar shunday rejalar qilib yurgan kimsalarning qo‘ltig‘iga suv purkamaydimi?

Har doim, har bir jamiyatdan alamzadalar bor va ular orasidan hamisha aql bovar qilmas razilliklar uyushtirilaveradi. Ammo ularni “qahramon” qilishdan muddao bormi?!

Bu ham bir fikr, xulosa sizdan.

Abror Zohidov

Top