21:36 / 24.05.2017
5218

2016 yilda BMTning 117 nafar tinchlikparvar askari halok bo‘lgan

Foto: bagnet.org

2016 yilda BMTning 43 ta davlatdan 117 nafar tinchlikparvar askari xizmat o‘tayotganda halok bo‘ldi. Bu haqda halok bo‘lgan "moviy kaskalar" xotirasiga bag‘ishlangan motam marosimida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish aytib o‘tdi.

"O‘tgan yil 43 ta davlatdan 117 nafar harbiy, politsiyachi va tinchlikparvar askari o‘z burchini ado etayotganda halok bo‘ldi. Shu tariqa, 1948 yildan beri 3,5 mingdan ko‘proq tinchlikparvar askari o‘zgalar hayotini saqlab qolish uchun o‘z hayotini qurbon qildi", deb aytdi Guterrish. U BMTning bosh qarorgohida halok bo‘lgan askarlar yodgorligiga gulchambar qo‘ydi va bir daqiqalik sukut saqlashni e'lon qildi.     

Guterrishning aytishicha, tinchlikparvar kuchlar hanuzgacha qaqshatqich qurolli ixtiloflar davom etayotgan Mali, Markaziy Afrika Respublikasi  va Janubiy Sudanda katta yo‘qotishlarga uchragan. Guterrish tinchlikparvar askarlar terrorchilar tomondan eng ko‘p hujumga uchrashlarini aytib o‘tdi. Bosh kotib "moviy kaskalar" o‘zlari xizmat o‘tayotgan davlatlardagi vaziyatning barqarorlashiga ijobiy hissa qo‘shishlarini ta'kidlab o‘tdi. Guterish bu borada Kot-D'Ivuar va Liberiyadagi operatsiyalarni alohida ta'kidlab o‘tdi. Bu davlatlarda yaqin oylarda tinchlikparvar kuchlarning ishi yakunlanadi.     

Bugungi kunda BMTning moviy baayrog‘i ostida 100 mingdan ko‘proq harbiy va politsiyachi xizmat o‘taydi. 2015 yilda 50 ta davlatdan 129 nafar tinchlikparvar askari xizmat o‘tayotganda halok bo‘lgan.

Top