14:45 / 24.05.2017
19032

AQSh Senati Rossiyaning dunyoda ta'siri o‘sishidan xavotirlanmoqda

Foto: CNN

Amerika Kongressi Senatida AQSh manfaatlari va xavfsizligiga global harbiy tahdidlarga doir eshituvlar bo‘lib o‘tdi. Uning bosh mavzusi, go‘yoki Rossiyaning 2016 yilgi prezidentlik sayloviga aralashuvi bo‘ldi. AQSh Milliy razvedka direktori Deniel Kouts «demokratik institutlar poymol qilingani»ni aytar ekan, Rossiya 2017 yili «xalqaro munosabatlarda yanada agressiv» hamda «AQShga nisbatan qarashida oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada bo‘ladi», degan fikrni bildirdi. MRB sobiq rahbari Jon Brennan, o‘z navbatida, agar Moskva «bu kampaniyasini davom ettirsa, u o‘ziga zarba bo‘lib qaytadi», deya ta'kidladi. RT agentligi amerikalik siyosatchilarning uzoqni ko‘ra olishi va ular keltirayotgan dalil-isbotlar xususida fikr yuritadi. 

Foto: Reuters

AQSh Milliy razvedkasi direktori Deniel Kouts Vashingtondagi Senat eshituvlarida chiqish qilar ekan, o‘zidan avvalgi rahbar Jyeyms Klepper qarashini himoya qilib, Rossiyani Amerika saylovlariga aralashishda aybladi. 

«Rossiyaning ta'sir etish kampaniyasi va strategiyasi demokratik institutlar va saylovlarni poymol qilishdir. Biz buni Fransiyada aniq ko‘rdik, saylovlar bo‘lishi kutilayotgan Germaniya va Buyuk Britaniyada bizning saylovlarda bo‘lgan narsalarning takrorini ko‘rmoqdamiz. Rossiya strategiyasi davom etmoqda», — deb ta'kidlagan Kouts. Shu bilan bir vaqtda, Kouts Rossiya qanday qilib saylovlarga aralashayotganiga oydinlik kiritmagan va o‘z bayonotini biror dalil bilan isbotlamagan. 

Aksincha, o‘z fikrini davom ettirgan Kouts Senat a'zolariga 2017 yili Rossiyadan «xalqaro munosabatlarda yanada agressiv» hamda «AQShga nisbatan qarashida oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada bo‘lishi»ni taxmin qilayotganini aytib vaziyatni yanada keskin ko‘rinishga olib  keldi. 

AQSh Milliy razvedkasi direktori Den Kouts/Reuters

«Hammasidan ham ehtimoli, 2017 yilda Rossiya xalqaro munosabatlarda yanada agressiv, AQShga nisbatan qarashida oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan darajada va ichki masalalarni hal etishda avtoritar bo‘ladi. Moskvaning Suriyadagi voqealarga ta'sir o‘tkaza olishi va Yevropada rossiyaparast, populist hukumatlar ko‘payib borayotganidan ruhlangan prezident Vladimir Putin, ehtimol, Rossiyaning buyuk davlat maqomini ilgari surish uchun yanada faolroq harakatlar olib boradi», — degan Kouts.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika maxsus xizmatlari «Rossiyani javobgarlikka tortish uchun har qanday imkoniyatni ko‘rib chiqmoqda». AQSh Milliy razvedkasi buni qanday amalga oshirmoqchi ekaniga ham aniqlik kiritmadi. 

Aniq xulosalar

Senat qo‘mitasi oldida chiqish qilgan MRB sobiq rahbari Jon Brennanning qayd etishicha, Moskvaning AQSh saylovlariga aralashgani «ochiq-oydin bo‘lishi kerak».

«Hamma bilishi kerakki, Rossiya 2016 yilda Amerika prezidentlik kampaniyasiga aralashdi. Ular bizning noroziliklarimiz va bunday qilmaslik bo‘yicha ogohlantirishlarimizga qaramay shunday harakatlarni amalga oshirishdi», — degan MRB sobiq direktori. 

Brennan 2016 yil avgustida Rossiya FXX rahbari Aleksandr Bortnikov bilan uchrashuvida aralashish kampaniyasi davom etayotganidan «ogohlantirgan».

«Men janob Bortnikovga, agar Rossiya mazkur kampaniyani davom ettirsa, bu ularning o‘ziga zarba berishini aytdim. Nihoyat, men janob Bortnikovni ogohlantirib, agar Rossiya bu siyosatini davom ettirsa, bu Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan qisqa muddatli istiqbollarga rahna solishi mumkinligini va o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha davom etayotgan amaliy muloqotga rahna solishini aytdim. Janob Bortnikov esa, kutganimdek, Rossiya Amerika saylovlariga aralashish uchun nimalardir qilayotganini rad etdi», — degan MRB sobiq rahbari. 

MRB sodiq direktori Jon Brennan/Reuters

«Umum tan olingan dalil»

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashuvi va Tramp ma'muriyatining Moskva bilan aloqalari xususidagi mavzular bir necha oydirki, Amerikaning obro‘li nashriyotlari tomonidan keng yoritilmoqda.

Xususan, yanvar oyida AQSh Milliy razvedkasi e'lon qilgan hisobotda aytilishicha, Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Qo‘shma Shtatlardagi prezidentlik saylovlariga aralashishni maqsad qilgan “ta'sir o‘tkazish kampaniyasi”ni tashkil etishga ko‘rsatma bergan. Hisobotga ko‘ra, bu kampaniyada rossiyalik xakerlar, shu jumladan RT telekanali ham ishtirok etgan.

Biroq, razvedka o‘z hisobotida Kremlning AQShga uyushtirilgan kiberxujumlarga aloqadorligini isbotlovchi biror dalil keltirmadi. 

Moskva bir necha marotaba AQSh va boshqa davlatlardagi saylovoldi poygalariga har qanday usulda aralashishini rad etdi. Prezident Putinning axborot xavfsizligi bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya TIVning maxsus vazifalar bo‘yicha elchisi Andrey Krutskix Rossiyaning AQSh prezidentlik sayloviga kiberaralashuvi «umum tan olingan dalil» degan bayonotni be'mani deb atagandi.

«Bu mutlaq bema'nilik va o‘z ma'muriyatining MRB tomonidan himoya qilinishidir. Chunki, saylovlardan bir hafta oldin AQShdan hukumatlararo kelishuvlarga asosan so‘rov kelgan va biz Obama davridayoq batafsil rasmiy javob berganmiz», — deya Krutskix so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.

Uning qayd etishicha, shundan so‘ng, AQShning barcha kuch ishlatish tuzilmalari «xotirjam bo‘lgan» va masala yopilgan edi. 

«Shundan so‘ng, Amerika tuzilmalari tomonidan da'volar bo‘lmagan edi», — deya ma'lum qilgan diplomat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MRBning bu safargi bayonoti shundan dalolat qiladiki, boshqarma «Amerikadagi ichki siyosiy o‘yinlarga aralashmoqchi», bunda «yolg‘on ma'lumotlar»dan foydalanmoqda.

Top