10:54 / 24.05.2017
6641

Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi aniqlanmoqda

Respublika bo‘ylab O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Mehnat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi va bir qator tashkilotlar hamkorligida ishchi, mutaxassislar, o‘quvchi yoshlarning kasbiy mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratish, ularning qobiliyatlilarini aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan «Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi» tanlovi o‘tkazilmoqda.

Shunga asosan Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi faollar zalida «Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi» tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

«Tanlovga  bo‘lgan qiziqish yoshlarimizda yuqori bo‘ldi.  Quyi bosqichlardayoq ularning puxta hozirlik va katta mas'uliyat bilan yondashganliklari guvohi bo‘ldik. Munosib nomzodlarni tanlab olishda ularning  sohadagi ish tajribasiga, erishgan yutuqlariga, jamoatchilik orasidagi obro‘-e'tiboriga, mamlakatimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasiga e'tibor qaratildi», - deydi  viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi yoshlar kengashi  raisi Hayitboy Namatov. 

Tanlov qatnashchilari o‘z yo‘nalishlarida qiziqarli savol-javoblar bahsida munosib qatnashishdi. Shuningdek, faoliyati aks etgan ko‘rgazmalar yordamida o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi.  

Tanlovda «Umumqurilish ishlari ustasi», «Qurilish-pardozlash ishlari ustasi», «Payvandlash ishlari texnigi», «Qishloq xo‘jalik mashina va jihozlariga texnik xizmat ko‘rsatish», «Oshpaz», «Sartarosh va dekorativ kosmetika ustasi», «Milliy va badiiy  liboslar  modeleri», «Kompyuter injiniringi texnigi», «Dasturiy injiniring texnigi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Top