22:15 / 24.05.2017
37775

Aholi bandligiga mas'ul yangi vazirlik tashkil etildi

O‘zbekiston mehnat vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aylantirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23 maydagi «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan. Farmon haqida «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida ma'lum qilingan.

Ushbu hujjat bandlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda yangicha joriy etish, davlat va xususiy tadbirkorlik o‘rtasidagi hamkorlikka asoslangan holda mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar bandligini ta'minlashda samarador chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.

Farmonga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi etib qayta tashkil etildi.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy va tarmoqlar bandlik dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta'minlash, kam ta'minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordamni o‘z vaqtida to‘lanishi monitoringini amalga oshirish va boshqalarda iborat asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilandi.

Qabul qilingan farmonda mehnat qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha aholi bandligini rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan choralar ko‘zda tutilgan. Xususan:

  • 2018 yil 1 yanvardan boshlab oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalarining birinchi marotaba ishga joylashgan bitiruvchilarining birinchi yilda ishga joylashganlarining ish haqidan olinadigan daromadlari bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovning o‘rnatilgan stavkasini 50 foizga, ularning ikkinchi va uchinchi yil davridagi mehnat faoliyati bo‘yicha 25 foizga kamaytirish;
  • 2018 yil 1 yanvardan boshlab nodavlat tashkilotlarga fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi hududida ishga joylashtirish sohasida, ular tomonidan fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati amalga oshiriladigan hollarda esa belgilangan tartibda beriladigan litsenziya asosida, pullik xizmatlar ko‘rsatish huquqini berish.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, asosiy vazifasi vaqtinchalik band bo‘lmagan aholini yirik investitsiya loyihalarida, yo‘l va uy-joy kommunal infrastrukturasining qurilishida, ta'mirlash va rekonstruksiya qilishda, shahar va tumanlarni obodonlashtirishda, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtiroklarini moliyalashtirishdan iborat byudjyetdan tashqari jamoat ishlari jamg‘armasi tashkil etilishi muhim yangilik hisoblanadi.

Farmonga muvofiq kichik biznes va mikrobiznesni mikrokreditlash mexanizm va vositalarini takomillashtirish, 2017-2020 yillarda faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar uchun mikromoliyalashtirish resurslaridan foydalanish qulayliklarini, yo‘nalish va hajmlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu tadbir respublika bank tizimining bandlik sohasidagi rolini keskin oshirishni ta'minlaydi. Xususan, aholiga mikrokreditlar ajratish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida «Mikrokreditbank» ATBning kapital qo‘yilmalari hajmini oshirish, bunda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga ko‘ra «Mikrokreditbank» ATB kuzatuv kengashining raisi hisoblanishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida qayd etilgan farmonining ijrosini ta'minlsh maqsadida 2017 yilning 23 mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy va tasarrufiy tashkilotlarining tashkiliy tuzilmalari tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har oyda vazirlikning rasmiy saytida va markaziy ommaviy axborot vositalarida mehnat bozoridagi vaziyat va bandlik holati to‘g‘risida ma'lumotlarni, shu jumladan ish qidirib mehnat organlariga murojaat qilgan hamda ishsizlik bo‘yicha nafaqa olayotgan fuqarolar soni, yaratilgan ish o‘rinlari, ro‘yxatga olingan bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari va ish beruvchilar, investorlar va aholi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa ma'lumotlarni chop etib boradi.

Alohida qayd etish lozimki, qarorda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, respublikaning mehnat resurslari haddan tashqari ortiqcha bo‘lgan tuman va shaharlarini aniqlagan holda, ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmalarini ishlab chiqish yuklatildi. Shuningdek, o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari investitsiya loyihalari bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda ushbu mehnat resurslari haddan tashqari ortiqcha bo‘lgan tuman va shaharlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga ustuvor ravishda e'tibor qaratishlari lozim.

Shu munosabat bilan, qaror bilan mehnat resurslari haddan tashqari ortiqcha bo‘lgan tuman va shaharlarda, o‘zlarining asosiy ta'lim berishdan bo‘sh vaqtlarida, mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiq mehnat bozorida talabga ega bo‘lgan mutaxassislik va yo‘nalishlar asosida band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradigan tayanch kollejlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Ommaviy axborot vositalarida bandlik sohasiga doir tushuntirish ishlarini keng olib borish maqsadida aholi bandligini ta'minlash, fuqarolarni jamoat ishlariga va oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, shaxsiy tomorqa va dexqon xo‘jaliklaridan oqilona foydalanish, mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi himoyasi masalalarini keng va xolis yoritish “Mahalla” teleradiokanalining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qaror bilan O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari sohasida me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, bandlik dasturlarini ishlab chiqishga zamonaviy yondashuvlarni hamda kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish mexanizmlarini, yangi interaktiv xizmatlarni joriy etish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va shu kabi boshqa choralar ko‘zda tutilgan mehnat organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorning amalga oshirilishi natijasida:
birinchidan, mehnat organlarining zamonaviy talablarga javob beradigan, jumladan ustuvor vazifalarni, jumladan mehnat bozori infrastrukturasini rivojlantirish, ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmalarini shakllantirish, birinchi marotaba mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni va aholining ijtimoiy zaif toifalarini ishga joylashtirish kabi muhim yo‘nalishlardagi vazifalarni izchil va samarali ravishda bajarishni ta'minlaydigan tashkiliy tuzilmasini yaratish;
ikkinchidan, mehnat organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini to‘liq hajmda qayta ko‘rib chiqish (reinjiniring), mehnatga haq to‘lashning zamonaviy rag‘batlantiruvchi uslublari va samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI)ni joriy etgan holda ish tashkil etishning progressiv shakllarini tatbiq etish orqali bandlik sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan oshirish;
uchinchidan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan mehnat bozorini izchil va barqaror rivojlantirish, aholi bandligi darajasini oshirish va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni moliyaviy ta'minlashni kuchaytirish;
to‘rtinchidan, kam ta'minlangan oilalar a'zolari va aholining boshqa aholining ijtimoiy zaif toifalarini, ularga mikrokreditlar berish va qayta o‘qitish xizmatlarini taqdim etish orqali, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlikka jalb etish, shaxsiy tomorqa va dexqon xo‘jaliklarini rivojlantirish yo‘li bilan oilalarni kam ta'minlanganlikdan chiqarish bo‘yicha individual dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga doir zarur sharoitlarni yaratish imkonini beradi.

Farmon va qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga yuklatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» farmonining to‘liq matni ommaviy axborot vositalarida chop etiladi.

Mavzuga oid
Top