17:01 / 24.05.2017
5901

Sog‘liqni saqlash vaziri JSSTning yangi rahbari bilan uchrashdi

Avval xabar berilganidek, 22 maydan boshlab, Jyenevada JSSTning yuqori organi hisoblanuvchi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 70-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Unda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. 

Sessiya kun tartibiga ko‘ra, 23 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yangi rahbar saylandi. Bu lavozimga JSSTga a'zo davlatlar tomonidan efiopiyalik nomzod, mazkur mamlakatning sog‘liqni saqlash va tashqi ishlar bo‘yicha sobiq vaziri 52 yoshli Tedros Gebreyyesus saylandi.  Yangi rahbar o‘z ishini 2017 yilning 1 iyulidan boshlaydi. 

Jyeneva safari davomida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov  JSSTning yangi rahbari Tedros Gebreyyesus bilan ikki tomonlama alohida uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida T.Gebreyyesus o‘zi olib borgan saylovoldi kampaniyasida ilgari surgan g‘oyalarining asosiy qismi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan ustuvor maqsadlar bilan o‘zaro mos kelishini ta'kidladi. Shuningdek, u O‘zbekiston va JSST o‘rtasida O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyorligini bildirdi.

JSSTning yangi rahbariga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma'lumot berildi.    

Mavzuga oid
Top