08:11 / 24.05.2017
4549

Tramp o‘zining birinchi NATO sammitida qatnashish uchun Bryusselga kelmoqda

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp chorshanba kuni Bryusselga ikki kunlik tashrifini boshlaydi. U YeI rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi va NATO yig‘ilishida ilk bor ishtirok etadi. 

Donald va Melanya Trampni samolyot trapi yonida Belgiya bosh vaziri Sharl Mishel kutib oladi. Prezidentlik oilasi avval belgiyaliklar qiroli Filipp va qirolicha Matilda bilan, keyin esa Trampning o‘zi mamlakat bosh vaziri bilan uchrashadi. Mishelning o‘tgan haftada ma'lum qilishicha, Tramp bilan uchrashuvda YeI va AQSh o‘rtasida ba'zi masalalarda kelib chiqqan fikrlar qarama-qarshiligini muhokama qilmoqchi: iqlim o‘zgarishi bilan kurash, jahon muammolarini hal qilishga ko‘p tomonlama yondashuv va YeIning asosiy qadriyatlari, jumladan, migratsiya muammosi.

Trampning asosiy uchrashuvlari payshanba kuniga mo‘ljallangan. U Yevropa kengashi raisi Donald Tusk va Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunker, shuningdek, Yevroparlament raisi Antonio Tayani va YeI diplomatiyasi rahbari Federika Mogerini bilan muzokaralar o‘tkazadi. YeI ko‘plab bahsli masalalar bo‘yicha AQSh pozitsiyani aniqlashtirishga harakat qiladi, ular orasida – Amerika yangi ma'muriyatining YeI bilan erkin savdo haqidagi kelishuvdan bosh tortishi, mamlakatning migratsion siyosati, Isroildagi elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish, Rossiya bilan munosabatlar. 

RTL teleradiokompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, Tramp Fransiyaning yangi prezidenti Emmanuel Makron bilan ham ko‘rishadi.

Kunning ikkinchi yarmida esa Amerika rahbari NATO yig‘ilishida qatnashadi. 

Xabarlarga ko‘ra, Bryusselda prezidentni nafaqat uning tarafdorlari, balki unga qarshi kayfiyatda bo‘lganlar ham kutib oladi. Derniere Heure gazetasining ma'lum qilishicha, ular dushanba kunidan boshlab Belgiya poytaxtiga kelishni boshlashgan hamda Trump not welcome ("Tramp xush kelmabsiz") nomli norozilik aksiyasini o‘tkazishni maqsad qilishgan. Bu tadbir chorshanba kuniga rejalashtirilgan. Taxminlarga ko‘ra, aksiyada qariyb 9 ming kishi qatnashadi. 

Bundan tashqari, Derniere heure ma'lumotlariga ko‘ra, Belgiya hukumati Amerika prezidentining tashrifi hamda NATO yig‘ilishi tufayli xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Bryusselda tartib-intizom saqlanishini 3120 nafar politsiyachi kuzatib boradi. 

Mavzuga oid
Top