08:01 / 25.05.2017
5371

AQSh moliya vazirligi Eronning samolyotlarga buyurtmasini tekshirmoqda

Foto: Fotolia / rabbit75_fot

AQSh moliya vazirligi Eron tomonidan Amerikaning Boeing aviakompaniyasi va Yevropaning Airbus konserni samolyotlarini xarid qilish uchun joylashtirilgan buyurtmalarini o‘rganmoqda. Bu haqda moliya vaziri Stiven Mnuchin chorshanba kuni AQSh Kongressi vakillar palatasida aytib o‘tdi.

"Boeing va Airbus bilan bog‘liq holatda litsenziyalar talab etiladi, hamda kelishuvlar ko‘rib chiqish jarayonida", - deya ta'kidlab o‘tdi idora rahbari. Vashington ma'muriyati ayni damda Tehronga nisbatan o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Moliya vazirligi Eronga fuqarolik havo kemalarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish uchun ruxsat berishi talab etiladi. Bunday litsenziyalar Qo‘shma Shtatlar va boshqa davlatlarda Amerika ishtirokida ishlab chiqarilgan  uchar qurilmalarni qamrab oladi.

O‘tgan yilning iyunida Eron Boeing’ga 100 ta samolyot uchun buyurtma bergani, ularning umumiy qiymati 25 mlrd. dollar ekani ma'lum bo‘lgandi. Shuningdek, Tehron Airbus’dan 22 mlrd. dollarlik qiymatga ega bo‘lgan 118 ta tijorat yo‘lovchi samolyotlarini buyurtma qilgan. 

AQSh moliya vazirligi esa sentabrda Eronga Boeing samolyotlarining birinchi partiyalari eksporti uchun litsenziya bera boshladi. Biroq AQShning amaldagi ma'muriyati bu jarayonni to‘xtatib qo‘yishga qaror qildi.

Mavzuga oid
Top