23:58 / 25.05.2017
24281

"Mehnat migrantlarimizni xorijga jo‘natish ishida xususiy korxonalarga ham izn berilishi kerak"

Foto: Sputnik

24 may kuni prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonning 5-bandiga asosan, ayrim takliflarni bildirib o‘tmoqchiman.

Chunki keyingi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida respublikamiz uchun ahamiyatli bo‘lgan bir muammo ko‘tarilayaptiki, bu haqda vatanparvar fuqaro sifatida o‘z fikrimni bayon etishni joiz, deb bildim.

Bu — O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlarda ishlab kelishiga doir masalasidir. Birinchi prezidentimiz I.Karimov «Bizning eng katta boyligimiz — mehnatkash xalqimizdir», degan edi. Albatta, yurtimizda mehnat qilib, boyligimizga boylik qo‘shib, yurtimizni farovon qilib, oilasi davrasida ular bilan birga baxtli yashashni hamma orzu qiladi. Shunday yashayotganlar ham aholining aksariyat qismini tashkil etadi.

Lekin taqdir taqozosi bilan yetarli bilim ololmagan, bilim olsa-da, o‘ziga mos ish topolmagan vatandoshlarimiz ham bor. Bunday fuqarolar har bir davlatda topiladi. Ammo yurtdoshlarimiz «davlat bersa — yeyman», deya qo‘l qovushtirib o‘tiradiganlardan emas. Ular o‘zlaridagi o‘sha mehnatkashlik xususiyatlarini moddiy boylikka aylantirish uchun izlanadilar. Biror yerda mehnat qilib, ko‘proq daromad topish mumkinligini bilsalar, shu ishni qilishga intiladilar. Bunday joylar esa ko‘proq iqtisodiyoti nisbatan rivojlangan, lekin qo‘l kuchi yetishmaydigan chet mamlakatlardir.

Tarixda o‘zbek usta va me'morlarining Sharq va G‘arbning juda ko‘p davlatlariga borib, ishlab, katta-katta inshootlar qurgani, bu qurilishlarga o‘zbek ishchilarni jalb etgani xaqida misollar juda ko‘p.

Ba'zi mamlakatlar chet ellarga jangarilarni, ba'zilari og‘ufurushlarni jo‘natadi, ba'zilari o‘g‘rilarni, gadoylarni jo‘natadi. O‘zbekistondan esa yaratuvchi, mehnatkash odamlari borib, halol pul topib keladi. Chet elga borib, daromad topib kelayotgan ko‘p yoshlar, u yerlardagi hayotni, odamlar orasidagi munosabatlarni ko‘rib, hayotiy tajribalari oshib kelmoqda. Bu yerda qolgan yoshlar esa ulardan kelayotgan daromadni, ulardagi o‘zgarishlarni ko‘rib chet elga borib ishlab kelishga, daromad ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lmoqda.

Hukumatimiz tamonidan ishga joylashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin aholi soni o‘sish yuqori bo‘lgan mamlakatimizda barchani yuz foiz ish bilan ta'minlashning imkoni yo‘q. Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlarga borish uchun yuz minglab yoshlarni hujjat topshirishi bundan dalolat beradi. Lekin kvotalarning ozligi, imtihonlardan faqat bir necha ming fuqaro o‘tgani, ular ham uch yillab taklif kelishini kutishi kerakligi, hujjat topshirishga ulgurmagan yana necha yuz ming (agar million bo‘lmasa) odamlar borligi bu masalaga yanada jiddiyroq qarashni talab etadi.

Masalani taqiq etish bilan hal etib bo‘lmaydi. Uning yechimini topish kerak. Mehnat vazirligidagi o‘zgarishlar hukumatimiz tomonidan bu ishga e'tibor kuchayganini bildiradi. Tashqaridan kelayotgan valyutadagi mablag‘lar qanchaligi, ular iqtisodimizga qancha foyda keltirishi, bular haqida, albatta, iqtisodchi olimlarimiz o‘z fikrini aytadi. Men tezroq ishlashni xohlayotgan, yurtiga, oilasiga tezroq mablag‘ olib kelishni istayotganlar haqida gapirmoqchiman.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev vaqt kutib turmasligi, biz yashayotgan davr shiddatli o‘zgarishlar davri ekanligi haqida doim eslatib keladi. Shuning uchun yuz minglab odamlarni yana qachon hujjat qabul qiladi, qachon imtihon topshiramiz, qachon biz ham vatanga mablag‘ olib kelamiz, deb kutib turishi bu vaqt bilan hamohang yurish emas, aslo. Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan uch ming, besh ming, hatto o‘n minglab fuqarolarni chetga ishga joylashi mumkin, lekin yuz minglab emas. Chunki vazirlikni shuncha odamni ishga jo‘natishi uchun resursi (vazirlik xodimlar soni, tashkil etish uchun mablag‘i, moddiy texnikasi, vaqti, nafaqat Koreyadan, balki boshqa mamlakatlardan ishchi o‘rinlariga kvotalar topib kelish uchun imkoniyatlari va h.k.) yo‘q.

Lekin vazirlik ushbu ishni monopol bo‘lmasdan, biroq nazoratni ham yo‘qotmasdan amalga oshirishi mumkin. Buning uchun, albatta, Oliy Majlisga tegishli yangi qonunlar yoki o‘zgartirishlar kiritish taklifi bilan chiqishi kerak. Bunda chet el tajribalaridan foydalanish ham lozim. Ya'ni, xususiy ishga joylashtirish sektorini tashkil etish va rivojlantirish. Albatta, bu sektorning ishini vazirlik kerakli litsenziyalar va ruxsatnomalar orqali nazorat qiladi va boshqaradi.

Xususiy korxonalar orqali chetga ishga yuborishni bir qancha afzalliklari bor.

1. Chetga chiqqan fuqaroni nazorat qilish, uni har xil noqonuniy tashkilotlarga qo‘shilib ketmasligini ta'minlash korxona zimmasiga yuklatiladi.

2. Korxona dunyo bo‘yicha ish o‘rinlari izlab topadi, kvotalar ajratadi, shartnoma tuzadi va ishchi yetkazib beradi.

3. Fuqarolar o‘rtasidan kerakli ishchini tanlab oladi, unga o‘sha davlat qonun-qoidalari va ichki tartiblari, tili, kasbi xaqida zarur bilim beradi.

4. Ishchining qonuniy himoyasini, tibbiy sug‘urtasini, kelajakdagi nafaqasini ta'minlash uchun zarur hujjatlarni yuritadi.

5. Ishchi ish joyi tayin bo‘lgach, ishga kirib maoshini olguncha va yo‘lkira, oilasi xarajati uchun va boshlang‘ich boshqa xarajatlar uchun unga kredit berib turadi.

6. Korxona (firma, agentlik) ishga joylagani uchun olgan daromadidan davlatga belgilangan tartibdagi soliq va ajratmalarni to‘laydi.

Ba'zi mamlakatlarda korxonalar ishchilarni faqat ishga joylashtirish agentliklari orqali qabul qilishini nazarda tutsak, hozirgi vaqtda buni naqadar dolzarbligini anglaymiz. Agar shu ishlar amalga oshsa, mehnat muhojirlarini «qul» qilib sotishlarga, har xil ekstremistik oqimlarga kirib ketishlarga, o‘zbek millatini chet ellarda himoyasiz, nochor holatda yurishlarga chek qo‘yilgan bo‘larmidi.                                                            

Hozirda butun dunyoda mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltiradigan, qonuniy amaliyotlar amalga oshirilmoqda. Valyuta ishlash uchun nafaqat moddiy balki nomoddiy mahsulotlar eksporti ham rivojlanmoqda: kimdir intellektul mulk eksporti bilan, kimdir texnologiya eksporti bilan. Bizda esa mehnatdan qochmaydigan xalqimiz bor. «Zambarak bilan chumchuq otmasdan», ushbu mehnatni vatanimiz milliy boyligini yanada ko‘paytirishga sarflash vaqti keldi. Zero, yurtimizga chetdan kelayotgan har bir valyuta mamlakatimiz qudratini oshirishga xizmat qiladi.

Mirzajon RAZZOQOV,

Shahrixon tumani.

Mavzuga oid
Top