19:11 / 25.05.2017
14607

Rustam Azimov: “Iqtisodiyotimizga yo‘naltirilgan turk investitsiyalari hajmi 1 milliard dollardan oshdi”

Bugun, 25 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha IV Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov va Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Yildirim Tugrul Turkesh raisligi ostida o‘tkazildi. Shuningdek, yig‘ilishda ikki mamlakat vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda mas'ul xodimlari ham ishtirok etishdi. 

Kun tartibiga muvofiq, yig‘ilish davomida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy, texnik hamkorlik, turizm, transport, kommunikatsiyalar sohasidagi aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. 

“Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 450ga yaqin turk kompaniya va firmalari ish olib bormoqda. Iqtisodiyotimizga yo‘naltirilgan turk investitsiyalari hajmi 1 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta'kidlanganidek, biz ilg‘or turk biznesining O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirishdan, keng ko‘lamli va muhim ahamiyatga ega loyihalar sonini oshirishdan manfaatdormiz”, - deya qayd etdi O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov o‘z nutqida.

Turk korxonalari boy tajriba va zamonaviy texnologiyalarga ega ekanligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston tomonidan quyidagi sohalarda investitsiya hamkorligini yanada rivojlantirish taklif etildi:
- elektrtexnika mahsulotlari;
- paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor tekstil mahsulotlari;
- poyabzal va tayyor charm mahsulotlari;
- zamonaviy qurilish materiallari;
- xalq iste'mol mollari;
- oziq-ovqat mahsulotlari;
- dori vositalarini ishlab chiqarish.

Bugungi kunda O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi 441 korxona, shu jumladan, 100 foiz turk kapitaliga asoslangan 94 korxona faoliyat yuritmoqda.

Komissiya yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama ko‘p rejali hamkorlikning keyingi rivoji bo‘yicha aniq va muhim kelishuvlarga erishildi.

Top