20:42 / 25.05.2017
6290

Toshkent viloyatida firibgarlik jinoyatlari ko‘p sodir etilmoqda

So‘nggi vaqtlarda Toshkent viloyatida firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishi holatlari ko‘plab qayd etilmoqda. Toshkent viloyati IIB tergov boshqarmasi boshlig‘i,  podpolkovnik Umid Kenjayevning so‘zlariga ko‘ra, bunga insonlar o‘zaro moddiy boyliklar oldi-berdisida shartnoma qilmasliklari, ishonuvchanliklari bosh omil bo‘lmoqda. 

Viloyat Prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sobirjon Temirovning ma'lumotlariga qaraganda, 2017 yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent viloyatida jami 3325ta turli jinoyatlar sodir etilgan. Shulardan 27ta qotillik, 70ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 16ta nomusga tegish, 22ta bosqinchilik, 56ta talonchilik, 1011ta o‘g‘irlik, 306tasi firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlardir. 

Shu bilan birga, Temirovning aytishicha, olib borilayotgan profilaktika chora-tadbirlari natijasida, garchi raqamlarda jinoyatchilik soni oshganiga qaramay, qasddan odam o‘ldirish 5taga, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish 5taga, bosqinchilik 20taga, bundan tashqari tovlamachilik va bezorilik jinoyatlarining kamayishiga erishilgan. Shuningdek, umumiy jinoyatchilik ko‘rsatkichlari Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq shaharlarida, Bo‘stonliq, Oqqo‘rg‘on va Chinoz tumanlarida kamaygan. 

Viloyat hududida sodir etgan turli jinoyatlari uchun qidirilayotganlar soni yil boshiga nisbatan 299taga kamaygan. 

Top