20:42 / 26.05.2017
11893

Bojxonachilar 1,5 mlrd so‘mlik kontrabanda tovarlarni fosh qilishdi

Foto:customs.uz

Yaqin Buxoro viloyatidagi “Olot” chegara bojxona kompleksi xodimlari xorijiy fuqaro K.Taxsin boshqaruvida Turkiyadan respublikaga kirib kelgan yuk avtotransport vositasini o‘rnatilgan tartibda mobil inspektsion-tekshiruv apparati ko‘magida bojxona nazoratidan o‘tkazishganida navbatdagi bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi “Adamant Mega Trade” firmasi nomiga keltirilayotgan ushbu konteynerda aslida qiymati salkam 6,5 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 16 tonnadan ortiq og‘irlikdagi to‘qimachilik mahsulotlari va bolalar kiyim-kechaklari bo‘lishi lozim edi.

Ammo, bojxona ko‘rigi davomida konteynerdagi tovarlar bilan yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma'lumotlar o‘rtasida keskin tafovut mavjudiligi aniqlandi. Sodda qilib aytganda mazkur tovarlar hujjatlardagidan ko‘ra haddan tashqari ortiqcha miqdorda ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridan qayd etilmagan tovarlarning umumiy miqdori 868 mln. 465 ming so‘mni tashkil qildi. Shu tariqa qonunbuzarlar davlat byudjyetiga undirilishi lozim bo‘lgan 105 mln. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan qochishga urinishgan.

Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Xo‘jadavlat” temir yo‘l chegara bojxona postida ham shu turdagi yana bir bojxona qoidabuzarligi fosh qilindi.

Mazkur postda respublikaga kirib kelgan yuk poyezdi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, vagonlardan biriga ortilgan mineral suvlar bojxonachilarning diqqatini tortdi.

Bir qarashda yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilgan tovar bilan vagonga ortilgan tovar bir xil ekanligi bois hech qanday qonunbuzarlik alomati sezilmaydi. Vaholangki, bojxona ko‘rigi davomida butunlay boshqa manzara namoyon bo‘ldi.

Gruziyadan poytaxtdagi “Best Energy Business” mas'uliyati cheklagan jamiyati nomiga yuborilgan mazkur yuklarga tegishli hujjatlarga ko‘ra, ushbu vagondagi 63 tonnadan ortiq mineral suvlar yarim litrlik idishlarga qadoqlangan bo‘lishi lozim edi. Ammo, konteynerdagi qiymati salkam 741 mln. so‘mlik ichimliklar esa butunlay boshqa sig‘imdagi idishlarga qadoqlangan ekan.

Bojxonachilarning ko‘zini shu tariqa shamg‘alat qilishga uringan qonunbuzarlar bu usullari bilan davlat byudjyetiga undirilishi lozim bo‘lgan 63 mln. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha tergovga qadar bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida birgina Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 466 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida 3 mlrd. so‘mdan ortiq qiymatdagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid
Top