09:13 / 26.05.2017
7065

Braziliyaning sobiq prezidenti unga lavozimi qaytarilishini talab qilmoqda

Foto: Carlos Tischler / Zumapress / Globallookpress.com

Braziliyaning sobiq prezidenti, impichment oqibatida o‘z lavozimidan chetlatilgan Dilma Russeff mamlakat oliy sudiga impichmenti haqidagi qarorning bekor qilinishi va unga prezidentlik lavozimi qaytarilishini talab qilib ariza topshirdi. Bu haqda O Globo nashri xabar bermoqda.
 
Russeff da'vo arizasida bunga dalillardan biri sifatida mamlakatning amaldagi prezidenti Mishel Temer atrofida avj olgan korruptsion mojaro keltirib o‘tilgan. Bu mojaro Temerning yuqori lavozimdagi shaxslarni sotib olishga aloqador bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi audioyozuvlar paydo bo‘lgandan keyin avj olgan.

"Mamlakat hozirda avval bo‘lmagan keskin siyosiy va institutsional inqirozni boshdan kechirmoqda. Kun sayin amaldagi, saylanmagan prezident o‘z lavozimiga noloyiq ekanligini ko‘rsatuvchi ko‘proq dalillar paydo bo‘lmoqda", deb ta'kidlab o‘tdi Russeff.

Russeffning aytishicha, uning impichmenti qo‘pol qoidabuzarliklar va hech qanday qonuniy asossiz kechgan.

Braziliyada siyosiy inqiroz Temer go‘yoki parlamentning vakillar palatasi sobiq spikeri Eduardo Kunyaning "og‘zini moylash"ni muhokama qilayotgan audioyozuv paydo bo‘lgandan keyin avj oldi. Braziliya oliy sudi sudyasi ushbu holat yuzasidan jinoiy ish boshlashga ruxsat bergan. Shu tariqa Temer korrupsiya ishi bo‘yicha rasmiy gumonlanuvchiga aylandi. Temerning o‘zi unga qo‘yilayotgan ayblovlarni inkor etmoqda. Shu sababli mamlakatda uning iste'fosi talab qilinib, ommaviy noroziliklar o‘tmoqda.   

Russeff prezident bo‘lgan vaqtda vitse-prezident bo‘lgan Temer Russeffning impichmentidan keyin prezidentlik lavozimini egallagan. Temer mamlakatni Russeffning prezidentlik muddati tugashi kerak bo‘lgan 2019 yil 1 yanvarigacha boshqarishi kerak.  

Mavzuga oid
Top