20:23 / 26.05.2017
8123

Yevropa kengashi rahbari G7 yetakchilarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni davom ettirishga chaqirdi

Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Italiyada o‘tkazilayotgan G7 sammiti vaqtida aytdiki, rasmiy Moskva Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi uchun hech qanday harakatni amalga oshirmagan. Bu haqda Reuters agentligi xabar tarqatdi.

«Yaponiyada o‘tkazilgan "Katta yettilik" sammiti [2016 yilda] vaqtidan buyon biz Rossiyaga nisbatan siyosatimizni o‘zgartirishimiz uchun hech qanday harakat ko‘rmadik. Shu tufayli men G7 yetakchilarini shu siyosatni davom ettirishga chaqiraman», — degan u Sitsiliyada jurnalistlarga.

Tusk sanksiyalar bo‘yicha ziddiyatni faqat Minsk kelishuvlarini bajarish yo‘li bilan hal qilish mumkinligini eslatib o‘tgan.

Yevropa Ittifoqi, AQSh va bir qator davlatlar Rossiya bilan munosabatlarda 2014 yilda sanksiyalar qo‘llagan, bunga Rossiya Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi sabab bo‘lgandi. Keyinroq Ukraina janubi-sharqida ro‘y bergan qurolli to‘qnashuvlar bu sanksiyalarning kuchaytirilishiga olib keldi. Bunga javoban Moskva Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi tomonlardan eksportni taqiqladi.

G‘arb davlatlari Moskvadan Mins kelishuvlariga amal qilishni talab etib keladi — bu Ukraina janubi-sharqida vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan. Bu kelishuv hududda o‘t ochishni to‘xtatishni, qurolli kuchlarni olib ketishni va Ukrainada konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazilishiga zamin yaratishni va boshqa majburiyatlarni nazarda tutadi. Bu kelishuvning ko‘plab punktlari bajarilmay qolmoqda.

Moskva bir necha marta bu ziddiyatga aloqador emasligini ta'kidlagan va Minsk kelishuvini Kiyev tomoni bajarmayotganini iddao etgan. Bundan tashqari, Rossiyadagilar Qrimning qo‘shib olinishi xalqaro normalarga zid emasligi ta'kidlanadi.

Top